Jahon | 12:25 / 06.10.2023
12982
2 daqiqa o‘qiladi

Pentagon: AQSh Suriyada Turkiyaning dronini urib tushirdi

Turkiya AQSh pozitsiyalaridan bir kilometr uzoqlikda uchuvchisiz uchoqlardan zarbalar bergan va dronlardan biri juda yaqin masofaga uchib kelgan, so‘ng u urib tushirilgan. Anqara uchuvchisiz uchoq Turkiyaga tegishli ekanligini rad etyapti.

Foto: Reuters

Amerika qiruvchi samolyoti Suriyadagi AQSh kontingenti pozitsiyalari yaqinida uchayotgan Turkiyaning hujumchi dronini urib tushirdi. Bu haqda 6 oktyabr, juma kuni Pentagon matbuot kotibi brigada generali Pet Rayder Reuters agentligiga ma’lum qildi.

Voqea bir kun oldin sodir bo‘lgan. Turkiyaning uchuvchisiz uchoqlari Suriyaning Hasaka shahrida AQSh qo‘shinlari joylashgan joydan bir kilometr uzoqlikda havo hujumlarini amalga oshirayotgan bo‘lgan. Bir necha soat o‘tgach, turk droni Amerika pozitsiyalariga yarim kilometr masofaga yaqinlashgan.

Bu tahdid sifatida tasniflangan va dron F-16 qiruvchisi tomonidan urib tushirilgan. «Bizda Turkiyaning AQSh kuchlariga ataylab hujum qilgani haqida hech qanday dalil yo‘q», dedi Rayder. Pentagondagi AP manbasining ta’kidlashicha, dronni yo‘q qilish buyrug‘i berilgunga qadar amerikalik harbiylar turkiyalik hamkasblari bilan bir necha bor telefon orqali bog‘langan.

Turkiya dronga egalik huquqini rad etyapti

Turkiya Mudofaa vazirligi vakilining Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, urib tushirilgan uchuvchisiz uchoq Turkiya qurolli kuchlariga tegishli emas, lekin u kimga tegishli bo‘lishi mumkinligini aniqlashtirmadi. 

Turkiya hafta oxiridan beri Anqaradagi hujumdan so‘ng Suriya va Iroqda Kurdiston ishchi partiyasi obektlariga zarbalar bermoqda, deb xabar qildi Reuters. Anqara shuningdek, Suriyaga quruqlikdagi qo‘shinlarni kiritish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda, chunki hujumchilardan ikki nafari u yerdan kelgani xabar qilingan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid