Isroil hukumati urush holatida ekanini e’lon qilib, favqulodda safarbarlik e’lon qildi. Mamlakat armiyasi qaqshatqich qarshi hujumga tayyorlanmoqda.
Isroil politsiyasi mamlakat chegarasini HAMASning 200-300 nafar atrofidagi a’zosi kesib o‘tganini ma’lum qilgan. Ular 14 ta aholi yashash manzillariga hujum qilgan, o‘nlab isroilliklar asir olingan.
Isroil janubidagi yashovchilar hududga armiyaning qo‘shimcha bo‘linmalarini yuborishni so‘ragan. «Bizni so‘yishadi, 6 soat o‘tdi, armiyadan darak yo‘q», degan ulardan biri.
Isroilning turli shaharlarida yuzlab odamlar kasalxonalarga borib donor sifatida qon topshirmoqda.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat urush holatida ekanini ma’lum qildi.
«Biz harbiy operatsiya o‘tkazmayapmiz, urush holatidamiz. HAMAS Isroil davlati va fuqarolariga qarshi kutilmaganda ajalvor hujum boshladi. Isroil sarhadlarini terrorchilardan tozalashga, zaxiradagilarni safarbar qilishga buyruq berdim. Dushman hamma qilgani uchun nasibasini oladi», degan Netanyahu.
Isroil prezidenti Itsxak Gersog HAMAS hujumlari ortida Eron turganini aytgan.
Hozirgacha 100 nafar isroillik halok bo‘lgani, 908 nafar isroillik turli darajadagi tan jarohatlar bilan kasalxonaga tushgani ma’lum qilingan. Yahudiylarda shanba kuni dam olish kuni bo‘lgani uchun faqat navbatchi shifokorlar ishlaydi. Lekin hujum boshlangach, shifokorlar ko‘ngilli tarzda ishga chiqqan.
Isroil tomoni HAMAS a’zolari qaysi aholi yashash punktlariga kirganini aniqlagan. Mamlakat armiyasi harbiylari politsiya va maxsus kuchlar bilan birlashgan holda shu hududlarga yuborilmoqda. Tinch aholi vakillaridan uyda eshiklarni yopib o‘tirish so‘ralmoqda.

Isroil harbiylari «Temir qilich» operatsiyasini boshlagan
Isroil mudofaa vaziri Yoava Galant zaxiradagi harbiylar uchun favqulodda chaqiruv e’lon qilgan. «Bugun ertalab HAMAS jiddiy xato qilib, Isroil davlatiga qarshi urush ochdi», degan vazir.




















