O‘zbekiston | 08:27 / 09.10.2023
10411
4 daqiqa o‘qiladi

«Parijda bo‘lib o‘tadigan olimpiya o‘yinlarida ham yuksak cho‘qqilarni zabt etishingizga ishonaman». Prezident sportchilarga tabrik yo‘lladi  

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyda bo‘lib o‘tgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolariga tabrik yo‘lladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Osiyo qit’asining 45 ta davlatidan 11 ming nafar sportchi ishtirok etgan bu musobaqalarda milliy jamoa a’zolari 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Oltin medallar 31 nafar sportchi tomonidan qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, ularning teng yarmi – qizlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

132 nafar vakil jami 71 ta medalni qo‘lga kiritib, o‘tgan Osiyo o‘yinlariga nisbatan rekord natijani qayd etgan.

“Ayniqsa, g‘ayrat-shijoatli o‘g‘il-qizlarimiz Xitoy Taypeyi, Bahrayn, Shimoliy Koreya, Hongkong, Eron, Indoneziya, Qozog‘iston, Qatar, Singapur, Malayziya, Vetnam, Kuvayt kabi sport sohasida rivojlangan davlatlarni ortda qoldirib, umumjamoa hisobida Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin faxrli beshinchi o‘rinni egallagani O‘zbekiston sporti tarixida yana bir yorqin sahifa ochdi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz. 

Bo‘lib o‘tgan qizg‘in bellashuvlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Bahodir Jalolov, Jalgasbay Berdimuratov, Ulug‘bek Rashitov, Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalakov, Diyora Keldiyorova, Taxmina Ikromova, Sevinch Rahimova, Vilana Savadyan, Evelina Atalyans, Sharifa Davronova, Safina Sa’dullayeva, Muzaffar To‘raboyev, Olga Zabelinskaya, Shohmurod Xolmurodov, Nurislom To‘xtasin o‘g‘li, Umid Esonov, Artyom Shturbabin, Hilola Ortiqboyeva, Muhsin Hisomiddinov, Zaynab Dayibekova, Pliyego Lara Mariya Paola, Xerrera Lara Luiza Fernanda, Guliston Perdebayeva, Anna Prakaten, Shehroz Hakimov, Dilshodjon Xudoyberdiyev, Davirjon Davronov, Alisher Turdiyev, Murodjon Yo‘ldoshev va boshqa sportchilarimizning nodir iste’dodi, mahorati va qobiliyatiga barcha sport muxlislari yana bir bor tan berdi.

O‘zbek qilichbozlik sportining iftixoriga aylangan Zaynab Dayibekova sablya jamoa dasturida Osiyo qit’asida tengsizligini, Anvar Klevleyev esa slalomda eshkak eshish bellashuvida aksariyat raqiblaridan kuchli ekanini amalda namoyon etdilar.

Ayni vaqtda navqiron farzandlarimiz kurash, dzyudo, boks, yengil atletika, badiiy gimnastika bo‘yicha tengsiz, taekvondo, velosport, og‘ir atletika, futbol musobaqalarida esa yetakchilar safida ekanini amalda isbotladi.

Osiyo o‘yinlarida erishilgan bunday yutuqlar biz uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘lib, sizlar shu tariqa milliy sport maktabimizning shon-shuhratini, O‘zbekiston yoshlarining qanday buyuk ishlarga qodir ekanini jahonga namoyon etdingiz. 

O‘z navbatida 2024 yil Parijda bo‘lib o‘tadigan 33-olimpiya o‘yinlarida ham yuksak cho‘qqilarni zabt etishingizga ishonaman!” - deyiladi tabrikda.

Prezident sportchi yoshlarni tarbiyalab kamolga yetkazgan ota-onalariga, mohir va jonkuyar ustoz-murabbiylariga o‘z nomidan, xalq nomidan tashakkur izhor etgan.

“Yirik xalqaro sport bellashuvi – Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritgan tarixiy natijalaringiz bilan sizlarni yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizda yangi-yangi zafarlar, oilalaringizga baxt-u saodat tilayman”, deyiladi tabrik matnida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid