Isroil blokada haqida e’lon qilganidan keyin G‘azo sektorida BMTning 13 mingga yaqin xodimi qolmoqda. Bu haqda 9 oktyabr, dushanba kuni BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik ma’lum qildi.
Gap Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) xodimlari haqida bormoqda. Ularning aksariyati falastinliklar, 300 ga yaqini boshqa davlat fuqarolari, dedi Dyujarrik. «Ular mahalliy aholiga yordam berish uchun o‘z vakolati doirasida qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda», — dedi u.
Shu kuni UNRWA G‘azo sektoridagi 137 mingdan ortiq kishi BMTning favqulodda boshpanalariga himoya izlash uchun kelganini, ular 90 foizga to‘lib bo‘lganini e’lon qildi. Agentlik Falastin eksklavidagi humanitar vaziyat yomonlashishda davom etishidan xavotirda.
UNRWA avvalroq HAMAS bilan aloqadorlikda va Isroilga qarshi ochiq faoliyatda ayblangan. Xususan, 2014 yilda Falastin tashkilotlari UNRWA maktablarida yashirincha raketa zaxiralari to‘plagani, BMT agentligi tomonidan chop etilgan maktab darsliklarida Isroilning mavjud bo‘lish huquqi tan olinmagani ma’lum bo‘ldi. 2021 yil aprel oyida Yevropa parlamenti UNRWA darsliklarida nafrat va zo‘ravonlik g‘oyalari tarqatilishi tan olingan rezolyutsiyani qabul qildi.
G‘azo sektoridagi blokada va zarbalar
Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant dushanba kuni HAMAS harakati jangchilari Isroilga hujum qilgan G‘azo sektorini to‘liq blokadaga olishga buyruq berdi. Blokadaga suv ta’minoti, shuningdek, yonilg‘i va elektr ta’minotini to‘xtatish kiradi.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish blokadadan xavotir bildirdi. U Isroil rasmiylari o‘z mamlakatlari xavfsizligidan qonuniy xavotirda ekanini tan oldi, biroq ularni xalqaro humanitar qonunlarga muvofiq harakat qilishga chaqirdi. «G‘azo sektoridagi humanitar vaziyat jangovar harakatlar boshlanishidan oldin ham nihoyatda og‘ir edi, - dedi Guterresh. - Endi u eksponent ravishda yomonlashadi».
Ayni vaqtda, Isroil armiyasi allaqachon G‘azo sektoriga dengiz va havodan yuzlab zarbalar bergan. 9 oktyabr kuni kechki payt TsAXAL matbuot xizmati HAMASga tegishli qator obektlar, jumladan, qurol ombori, masjiddagi jangchilar qo‘mondonlik markazi va Isroilga kirishda foydalanilgan tunnelga kirish joyi nishonga olingani haqida xabar berdi. «HAMAS o‘zining harbiy infratuzilmasini G‘azo sektoridagi tinch aholi punktlari va muqaddas joylarga ataylab yaqin joylashtiryapti», — deyiladi Isroil armiyasi bayonotida.

















