HAMAS harakatining 7 oktyabr kuni Isroilga qilgan va yuzlab kishilar vafotiga sabab bo‘lgan hujumi tashkilotchisi va ilhomchisi — tashkilotning jangovar qanoti qo‘mondoni Muhammad Deyf ekani aytilmoqda. Isroil bu odam uchun 1990-yillar o‘rtalaridayoq ov boshlagan; unga bir necha bor suiqasd uyushtirilgani ma’lum, so‘nggisi 2021 yildagi 11 kunlik urush vaqtida amalga oshirilgan. «Meduza» Deyf haqida ma’lumot to‘pladi.
Muhammad Deyf HAMAS tuzilgan ilk yillardan (1987 yil) beri uning safida bo‘lgani aytiladi. O‘shanda u 20 yoshdan endi o‘tgandi — Deyf 1965 yilda Xan-Yunis shahridagi qochqinlar lagerida tug‘ilgan. Uning haqiqiy ismi — Muhammad Diab Ibrohim al-Masriy. Financial Times nashri yozishicha, Deyfning otasi va amakisi o‘z vaqtida aynan 7 oktyabr kuni hujum amalga oshirilgan hududlarda isroilliklarga qarshi o‘tkazilgan reydlarda qatnashgan.
Deyfning laqabi arab tilida «mehmon» ma’nosini beradi — u bu laqabni Isroil maxsus xizmatlaridan yashirinish uchun muntazam ravishda tunash joyini o‘zgartirib borishi tufayli olgan.
The Washington Post nashri 2014 yilda bergan ma’lumotga ko‘ra, Deyf o‘smirlik chog‘idayoq «Musulmon birodarlar» harakati (HAMAS ushbu tashkilotning Falastindagi qanoti sifatida tashkil topgan) a’zolari bilan tanishgan. 1980-yillarda u G‘azo Islom universitetida o‘qigan; o‘shanda u, gazetaning yozishicha, «Qaytish» teatr truppasiga (uning nomi — falastinlik qochqinlarning o‘zlari tark etgan yerlarga qaytish istagiga ishoradir) asos solgan. Birinchi intifada vaqtida HAMASga qo‘shilganidan so‘ng u aktyorlik mahoratidan foydalanib, propaganda roliklarida kichik rollar ijro etgani aytiladi. 1990 yilda u Isroil hukumati tomonidan qo‘lga olinadi, ammo keyinroq qo‘yib yuboriladi.
The Washington Post nashri yozishicha, u «o‘z sabr-toqati va qurolni yaxshi tushunishi tufayli HAMAS a’zolari orasida tezda tanilib ketadi». U portlovchi qurilmalar tayyorlashga ixtisoslashgan va 1990-yillar o‘rtalarida isroilliklar ketayotgan avtobuslarga xudkush terrorchilarning davomli hujumlari uchun mas’ul bo‘lgan «Injyener» laqabli terrorchi Yahyo Ayyashga shogird bo‘ladi. 1996 yilda Ayyash o‘ldiriladi; shundan keyin terrorchilik kampaniyalariga aynan Deyf boshchilik qiladi.
Financial Times suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Muhammad Deyf «doimo harbiy [karera] yo‘liga e’tibor qaratib», Falastinning turli fraksiyalari o‘rtasidagi kurashlarga qiziqmagan va faqat «kuch ishlatish orqali arab-isroil mojarosining tabiatini qanday o‘zgartirish» haqida o‘ylagan. 2000-yillar boshidagi bayonotlaridan birida u tarafdorlarini «Isroilliklarga qarshi Isroilning o‘zida kurashish» va «ularning okkupatsiya qilingan yerlarda xavfsiz yashash to‘g‘risidagi fantaziyalarini yo‘qqa chiqarish»ga chaqirgan.


















