07:50 / 10.10.2023
4218

O‘zbekistonda Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti tashkil etildi

Institut – aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslantirilgan samarali va istiqbolli takliflar ishlab chiqish bo‘yicha davlat muassasasi hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasining «Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti va Ijtimoiy himoya tizimi xodimlari malakasini oshirish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Davlat rahbarining «Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2023 yil 1 iyundagi farmoniga muvofiq prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar)larda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi.

Agentlik huzurida Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi va Ijtimoiy himoyani rivojlantirish institutini tashkil etish nazarda tutilgan. Hujjat bilan markaz va institutning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.

Institut – aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslantirilgan samarali va istiqbolli takliflar ishlab chiqish bo‘yicha davlat muassasasi hisoblanadi.

Markaz agentlik tomonidan vazirlik va idoralarning muvofiqlashtiriladigan hamda nazorat qilinadigan faoliyat yo‘nalishlaridagi xodimlari malakasini oshirish uchun hamda oilaviy bolalar uylarini tashkil etish uchun tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini tashkil etish bo‘yicha davlat muassasasi hisoblanadi.

Quyidagilar institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

respublika budjeti mablag‘lari;
ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalariga ko‘ra ajratiladigan grantlar;
xalqaro grantlar, shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Markaz quyidagilar hisobidan moliyalashtiriladi:

respublika budjeti mablag‘lari;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
xalqaro grantlar, shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Top