10 oktyabr kuni Isroil mudofaa armiyasi qariyb ikki kunlik janglardan keyin mamlakat janubida, G‘azo sektoridan bir necha kilometr masofada joylashgan Kfar-Aza kibutsini ozod etdi. Bu hudud 7 oktyabr kuni Isroilga hujum qilgan HAMAS a’zolari yo‘lidagi ilk nishonlardan biri bo‘lgandi.

Hudud qaytarib olingach, bu yerga jurnalistlar kirishiga ruxsat berildi. Ular bu yerda halok bo‘lgan tinch aholi vakillari, jumladan, ayollar va bolalarning jasadlari ustidan chiqishgan. OAV va TsAHAL vakillari bu yerda bo‘lgan voqealarni qirg‘in deb atamoqda.

The New York Times nashri yozishicha, o‘z klubi va sinagogiga ega Kfar-Aza kibutsida urushga qadar 750 kishi yashagan. G‘azo sektoriga yaqin joylashgani va doimiy raketa zarbalariga qaramay, mahalliy aholi odatiy turmush tarzini kechirgan. Hammayoqda beton boshpanalar bor, uylar esa xavfsizlik xonalari bilan jihozlangan. Isroilliklardan hech biri HAMAS a’zolari chegaradan o‘tib, odamlarni o‘ldira boshlashini tasavvur qila olmasdi, deb qayd etadi BBC.

Falastinliklar chegarani mototsikllarda kesib o‘tishgan, shuningdek, kibuts hududiga deltaplanlarda uchib kelishgan. G‘azoga eng yaqin bo‘lgan hududda mudofaa liniyasi joylashgan bo‘lib, bu yerda mahalliy aholi vakillaridan iborat otryad navbatchilik qilgan. Ular falastinliklarning ilk qurbonlariga aylangan. G‘aflatda qolgan Isroil armiyasi qismlari Kfar-Azaga yetib borishi uchun 12 soat vaqt ketdi, deb hikoya qiladi desantchilarning shturm guruhi komandiri o‘rinbosari Davidi Ben Tsion. Janglar ikki kunga yaqin vaqt davom etgan.

Sky News muxbiri Styuart Remzining so‘zlariga ko‘ra, shturm vaqtida o‘z uylarida uxlab yotgan odamlar falastinliklarning ovozlaridan uyg‘ongan va o‘z bolalarini shkaflarga, vino omborlariga va yerto‘lalarga yashirishgan. Ko‘pchilik o‘zini himoya qila olmagan. Ular harbiylar yordamini 17 soatdan ortiq vaqt davomida kutishgan.

Kfar-Azaning yuqoridan ko‘rinishi. 2023 yil 10 oktyabr
Ilan Rosenberg / Reuters / Scanpix / LETA 

«Hammayoqda jasadlar. Kibuts aholisi orasida o‘ldirilganlar juda ko‘p – erkaklar, ayollar, bolalar. Ularning qo‘llari bog‘langan, ular otib tashlangan», – deya hikoya qiladi o‘z reportajida CNN korrespondenti Nik Roberson.

Kibutsda halok bo‘lganlar orasida er-xotin Itay va Adar Berdichevski ham bor, ularning hikoyasi Isroil nashrlarida keng tarqaldi. Oila Kfar-Azada o‘n oylik egizaklari bilan yashashgan. Professional harbiy bo‘lgan Berdichevskilar hujum vaqtida chaqaloqlarni xavfsizlik xonasiga yashirishga ulgurgan, lekin ular uyga bostirib kirgan jangarilar bilan otishmada halok bo‘lgan. 13 soat o‘tib, egizaklar qarindoshlari tomonidan topilgan.