Isroil sektorga oziq-ovqat, suv, yonilg‘i va elektr yetkazib berishni to‘xtatgan, uning armiyasi esa HAMAS obektlari bo‘ylab yoppasiga artilleriya zarbalari va aviazarbalar yo‘llamoqda. Harakat vakillari esa Isroil bombardimonni davom ettiradigan bo‘lsa, garovga olingan isroilliklar va xorijliklarni qatl qilish bilan tahdid solgan.

Isroilning BMTdagi elchisi Gilad Erdanga ko‘ra, G‘azoda HAMAS a’zolarining Isroil hududiga reydi vaqtida garovga olingan 100-150 kishi tutib turilibdi. Bugungi kunga kelib hujum qurbonlari soni 1300 kishiga yetgan — ularning katta qismi chegaradagi aholi yashash manzillarida yashagan tinch aholi vakillari va musiqa festivalida ishtirok etgan xorijliklardir. Isroilning javob zarbalari oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni esa 1400 dan oshdi.

Isroil mudofaa armiyasi (TsAHAL) G‘azo sektori bilan chegaraga bir necha yuz ming kishidan iborat piyodalar va zirhli tank qismlarini joylashtirgan.

Ammo, aftidan, harbiy qo‘mondonlik voqealar rivojini jadallashtirmoqchi emas — rasmiylar bu urush uzoq davom etishi va HAMAS ustidan g‘alaba bir necha kun yoki haftada hal bo‘ladigan ish emasligidan ogohlantirgan.

G‘azoda boshlanishi kutilayotgan quruqlik amaliyoti uchun qanday ssenariylar bor va Isroil armiyasi qanday qiyinchiliklarga duch kelishi muqarrar?

G‘azo sektori — Falastinning O‘rta Yer dengizi sohilidagi anklavi bo‘lib, shimol va sharqda Isroildan, janubda Misrdan to‘siqlar tizimi bilan o‘rab olingan. Uning maydoni 363 kv. km.ni tashkil etadi, ammo aholisi soni — 2,2 million kishidan ortiq.

Osmono‘par binolar yo‘qligini hisobga olib, bu yerdagi aholi yashash uylari qanchalik tig‘iz qurilganini tasavvur qilish mumkin. Qolaversa, sektorda dalalar va yaylovlardan iborat qishloq xo‘jaligi hududlari ham bor.

Hudud o‘n minglab qurollangan jangchilarga ega va mahalliy aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan HAMAS guruhi tomonidan nazorat qilinadi.

«HAMAS kuchishlatar tuzilmalarida 40 ming jangchiga ega va bu armiya tipidagi tuzilma — intizom, mudofaaga uzoq tayyorgarlik, G‘azo ostida o‘nlab kilometrlik tunnel va bunkerlar qazilgan», — degan BBC bilan suhbatda isroillik harbiy ekspert David Sharp. Uning baholariga ko‘ra, G‘azodagi ikkinchi yirik guruh «Islom jihodi» guruhida esa yana 10 ming jangchi mavjud.