G‘azo bo‘lgasidan Isroilga qilingan hujum va bunga javoban Isroilning millionlab aholi yashaydigan hududni to‘xtovsiz bombardimon qilayotgani fonida bu mojaroning tarixiga kengroq to‘xtalish zarurati yuzaga keldi.
Isroil – yosh davlat. Dunyoda yosh davlatlari ko‘p. Lekin, bu yangi davlatlar – yangi mustaqil bo‘lgan davlatlar hisoblanadi. Isroil esa, nafaqat yangi davlat, balki bu yerlarga keyingi bir asrda ko‘chib kelgan va kelayotgan millatning siyosiy birlashuvi hamdir. Taxminan ikki ming yillarcha oldin, hozirgi mojaro bo‘layotgan yerlarda haqiqatda yahudiylar yashagan. Lekin, ta’kidlash kerakki, qadimgi yahudiylar davlatlarining yo‘q bo‘lishiga islom va musulmonlarning aloqasi yo‘q.
19-asrning o‘rtalariga kelib, Yevropada qudratli imperiyalar dunyoni boshqarayotgan davrda, yevropalik bir qancha yahudiy mutafakkirlari sionizm harakatini tashkil qilishadi. Sionizm – dunyoviy yahudiy millatchi harakat bo‘lib, Falastinda yahudiylar davlatini tashkil qilish – uning bosh maqsadi va orzusi edi.
Birinchi jahon urushiga qadar, Falastin hududi Usmonli Turk imperiyasi nazorati ostida edi. Usmonlilar Birinchi jahon urushida yengilgach, 1920-23 yillarda Falastin ustidan nazorat Britaniya imperiyasiga o‘tadi. Aynan o‘sha davrdan boshlab, Falastin yerlarida yahudiylar davlatini tashkil qilish g‘oyasi va loyihasi amalga osha boshlaydi.
1917 yilning oktyabr oyida, britaniyalik qudratli siyosatchi Artur Belfor Falastinda yahudiylar uchun davlat tashkil qilish borasida Britaniya hukumatining deklaratsiyasini qabul qilishga erishadi. Lord Belfor asli yahudiy bo‘lib, u o‘z millatdoshlari uchun, qolaversa, Britaniya imperiyasi manfaatlari uchun, Falastin hududlarida yangi yahudiy davlatini tashkil qilish borasida jiddiy urinishlar qiladi.
Aynan o‘sha davrdan boshlab, Falastinga Yevropadan, Rossiyadan, Afrika va boshqa mintaqalardan etnik yahudiylarni ko‘chirib kelish siyosati boshlanadi. Boshida, sodda falastinliklar ko‘chib kelayotgan yahudiylarning asl maqsadini tushunmaydi, ularga hech qanday jiddiy qarshilik qilmaydi. Lekin vaqt o‘tib, yahudiylarning soni va salmog‘i oshishi bilan, falastinliklar o‘z hududlarida siyosiy va iqtisodiy tashabbusni yo‘qotib boshlaydi.
1945 yilda, ikkinchi jahon urushidan keyingi yangi dunyo tartibotini o‘rnatish maqsadida tuzilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, o‘zining birinchi vazifasi sifatida Isroil davlatini tuzishga qaror qiladi. 1947 yilda, o‘sha davrdagi to‘liq Falastin yerlarida ikkita davlat tuzish qarori qabul qilinadi. Falastin yerlarining taxminan 55 foizi yahudiylarga – Isroilga, qolgan 45 foizga yaqin yerlar Falastinga qoldiriladi.

















