Polshadagi parlament saylovlarida bosh vazir o‘rinbosari Yaroslav Kachinskiyning hukmron milliy-konservativ «Qonun va adolat» partiyasi o‘z raqiblarini ortda qoldirgan bo‘lsa-da, parlamentda ko‘pchilikni tashkil qilish uchun zarur bo‘lgan chegaradan o‘ta olmagan bo‘lishi mumkin. Bundan 15 oktyabr, yakshanba kuni kechqurun e’lon qilingan ekzitpollar natijasi darak beryapti. Saylovning yakuniy natijalari 17 oktyabr kuni e’lon qilinishi kutilmoqda. 

Ekzitpollar natijasiga ko‘ra, «Qonun va adolat» 36,8 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda. Polsha sobiq bosh vaziri va Yevropa kengashi sobiq raisi Donald Tusk boshchiligidagi muxolifatdagi «Fuqarolik platformasi» 31,6 foiz ovoz olishi mumkin. Uchinchi o‘rinda esa, so‘rov natijalariga ko‘ra, 13 foiz ovoz bilan markazchi «Uchinchi yo‘l» partiyasi. 

O‘rinlar soni bo‘yicha «Qonun va adolat» parlamentdagi 460 o‘rindan 200 ta o‘ringa ega, parlamentdagi ko‘pchilik uchun esa kamida 231 ta ovozga ega bo‘lish kerak. «Fuqarolik platformasi» 163 o‘rin oladi, biroq partiya «Uchinchi yo‘l» va so‘llar alyansi bilan koalitsiya tuzishi kutilmoqda, bu esa ularga parlamentda 248 o‘rin beradi.

Taxminlarga ko‘ra, «Qonun va adolat»ga parlamentda ko‘pchilikni tashkil etishda o‘ta o‘ng «Ozodlik va mustaqillik konfederatsiyasi» partiyasi bilan ittifoq yordam beradi. U, xususan, Ukrainaga Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda yordam berishni to‘xtatish tarafdoridir. Biroq, ekzitpollar natijasiga ko‘ra, u parlamentda bor-yo‘g‘i 12 ta o‘ringa ega bo‘ladi, bundan tashqari, saylov kampaniyasi paytida «Qonun va adolat»dan uzoqlashgan.

Muxolifat yetakchisi Donald Tusk allaqachon ovoz berish natijalarini g‘alaba deb bilishini aytgan. «Men hech qachon ikkinchi o‘rindan bunchalik xursand bo‘lmaganman. Polsha g‘alaba qozondi, demokratiya g‘alaba qozondi, «Qonun va adolat» hukumati tugadi», - deya uning so‘zlarini keltiradi dpa. Kachinskiy, o‘z navbatida, uning partiyasi keyingi voqealar rivojini kutayotganini ta’kidladi.

Kachinski va Tusk - ko‘p o‘xshashliklarga ega raqiblar

Tusk ham, Kachinski ham o‘tmishda antikommunistik muxolifatni qo‘llab-quvvatlagan. 1989 yilda kommunizmning qulashi rejimning ikki tanqidchisi uchun yangi istiqbollarni ochdi. Liberal g‘oyalarga berilgan Tusk Polshadagi demokratik o‘zgarishlar fonida «Liberal-demokratik kongress» partiyasini tuzdi. 1991 yilgacha «Liberal-demokratik kongress» Kachinskiyning xristian-demokratik partiyasi - «Kelishuv markazi»ning bir qismi edi, ammo Kachinski va Tusk tez orada boshqa yo‘llarni tanladi.