O‘zbekiston | 17:31 / 18.10.2023
9678
2 daqiqa o‘qiladi

Kuzatuv kameralari qoidani buzgan piyodalarni avtomatik ravishda jarimaga tortayotgani rad etildi

Poytaxtda yo‘llarda qoidabuzarliklarni qayd etuvchi kuzatuv kameralari piyodalarni ham jarimaga tortishni boshlagani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Mas’ullarning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, hozirda Toshkent shahrida «Diqqat, piyoda!» tadbiri doirasida qoida buzgan piyodalar bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. 

Toshkent shahridagi yo‘llarda kishi shaxsini aniqlab, jarima yozish imkoniyatiga ega kuzatuv kameralari o‘rnatilmagan. Buni IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Kun.uzʼga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hozirda yo‘l-patrul xizmati inspektorlari qoidabuzar piyodalarni maxsus planshetlar yordamida qayd etadi, ularning shaxsiga aniqlik kiritib, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtiradi. 

Planshetlar sabab bunday qoidabuzarliklarni qayd etish uchun avvalgidek 1-2 soat vaqt ketmaydi. Kishining barmoq izi orqali uning shaxsiga aniqlik kiritiladi va ma’muriy bayonnoma tuziladi. 

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining qayd etishicha, ayni kunlarda poytaxt ko‘chalarida «Diqqat, piyoda!» tadbiri doirasida yo‘l harakati qoidalarini buzgan piyodalar inspektorlar tomonidan to‘xtatilib, ularga rioya etishi lozim bo‘lgan qoidalar tushuntirilmoqda.

Piyodalar qanday holatlarda jarimaga tortiladi?

Yo‘l harakati qatnashchilarining asosiy qismini piyodalar tashkil etadi. O‘z o‘rnida ularning YHQga amal qilmasligi ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 138-moddasida yo‘l harakati qoidalarini buzgan piyodalar jarimaga tortilishi belgilab qo‘yilgan.

Moddaga ko‘ra, piyodalarga quyidagi holatlarda bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismi miqdorida jarima solinadi:

  • yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi; 
  • yo‘lning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tishi.

Shuningdek, yo‘lning qatnov qismida: jumladan, piyodalar o‘tish joyida harakatlanayotganda telefondan foydalanishi, kitoblarni yoki davriy nashrlarni o‘qishi, videomateriallarni tomosha qilishi, audiomateriallarni eshitishi, e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanishi jarimaga sabab bo‘ladi. 

Bugungi kunda bu jarima miqdori 110 ming so‘mni tashkil qiladi. 

Mavzuga oid