O‘zbekiston Avtomobil yo‘llari qo‘mitasida Janubiy Koreyaning SAMAN va KECC kompaniyalari mutasaddilari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».
Uchrashuv chog‘ida uzoq muddatli bosh reja, boshqaruv yo‘riqnomalari, davlat-xususiy sherikchilik asosida yo‘llarni ekspluatatsiya qilish va saqlash sifatini nazorat qilish standartlari hamda salohiyatni oshirish dasturlarini taqdim etish orqali O‘zbekistonda davlat-xususiy sherikchilik asosida quriladigan yo‘llar uchun huquqiy asos yaratish masalalari muhokama qilindi. Kutilayotgan natijalar davlat-xususiy sherikchilik asosidagi yo‘llarni ekspluatatsiya qilish va saqlash bo‘yicha uzoq muddatli bosh rejani ishlab chiqish hisoblanadi.
Umumiy qiymati 1 million AQSh dollarni tashkil etgan grant loyihasi doirasida O‘zbekistondagi mavjud yo‘llar o‘rganiladi, yo‘llarni ekspluatatsiya qilish, ta’mirlash, saqlash bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqiladi. Davlat-xususiy sherikchiligi asosida quriladigan yo‘llar doimiy nazoratda bo‘ladi va monitoring qilib boriladi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida ushbu loyihani amalga oshirish mexanizmini yaratish bo‘yicha kelishib olindi.
















