Shanba oqshomida Yevropa chempionatlarida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Chelsi – Arsenal 2:2
Gollar: 1:0 – 15, penalti Palmer, 2:0 – 48 Mudrik, 2:1 – 77 Rays, 2:2 – 84 Trossar.
Chelsi – Sanches, Gyusto, Tiago Silva, Koluill, Kukurelya, Gallaher, Mudrik (Jyekson, 66), Fernandes, Kaysedo, Palmer (Jyeyms, 84), Sterling (Madueke, 84).
Arsenal – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko (Tomiyasu, 46), Jorjinio (Smit-Rou, 68), Edegor (Haverts, 78), Rays, Martinelli (Trossar, 78), Saka, Gabriel Jyezus (Nketia, 68).
Ogohlantirishlar: Palmer (8), Zinchenko (11), Tiago Silva (44), Kukurelya (71), Nketia (89), Uayt (90).

«Chelsi»dagi renessans

Muxlislar «Chelsi» yuqori darajasiga qaytishini bir yildan oshiq vaqtdan buyon kutishmoqda. Faqatgina London klubi muxlislarining o‘zi emas: boshqa jamoa fanatlari raqibning mag‘lubiyatlari ustidan kulishi oddiy holat, ammo global olib qaraganda, hech kim zaif «Chelsi»ni ko‘rishni istamaydi. Raqiblar kuchli bo‘lsa o‘yinlar qiziqarli va g‘alaba ham shirinroq bo‘ladi.

Butun o‘tgan mavsum futbolga begona masalalar bilan o‘tib ketdi: avvaliga barcha Todda Boelining abjirligi va oldi-ortiga qaramay pul sovurishini qiziqish bilan tomosha qildi, keyin esa tanqid qilishdi, mavsum yakuniga kelib bunga ko‘nikib qolishdi. Ammo «Chelsi» rahbariyati ortiq kulgi bo‘lishni istamasdi va shuning uchun yozda Maurisio Pochettino olib kelinib, yo‘nalish o‘zgartirildi. Mavsum startida «Liverpul»ga qarshi o‘yin (1:1) jamoaning bu mavsum uchun niyati jiddiy ekanini ko‘rsatib berdi. Lekin taqvim oson bo‘lganiga qaramay ko‘klar keyingi oraliqni muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi, «Vest Hem» (1:3), «Nottinghem Forest» (0:1), «Aston Villa» (0:1) klublariga mag‘lub bo‘lindi, «Bornmut» bilan golsiz durang qayd etildi (0:0), APLda faqat debyutant «Luton» (3:0) ustidan g‘alabaga erishildi. Sentyabr oyi oxiriga kelibgina «Chelsi»da hayot alomatlari ko‘zga tashlana boshladi — kubok bahsida «Brayton» (1:0), APLda «Fulhem» (2:0) va «Byornli» (4:1) klublari ustidan g‘alabaga erishildi.

Pochettino uchun sinov

Shu tufayli «Arsenal»ga qarshi bahs «Chelsi» uchun chinakamiga muhim ahamiyat kasb etdi — Pochettino jamoasi birinchi turdan keyin «katta oltilik» vakillari bilan uchrashmayotgandi, bu turda esa haqiqiy sinov kutayotgandi. «Arsenal» o‘tgan turda «Manchester Siti»ni mag‘lub etgan va chempionlik ambitsiyalarini tasdiqlagandi. «Kanonirlar» safida ikki hafta oldingi o‘yinda yetishmagan Saka ham derbigacha to‘liq sog‘ayib safga qaytdi.