Toshkent Kimyo xalqaro universiteti ochilganiga 5 yil to‘lishi munosabati bilan o‘zining «Kimyo University Hospital» klinikasini ishga tushirdi.

14 oktyabr kuni Toshkent Kimyo xalqaro universiteti faoliyatining 5 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda universitet qoshida to‘lishi ish boshlagan «Kimyo University Hospital» klinikasining rasman ochilishi e’lon qilindi. 

«Kimyo University Hospital» klinikasi kattalar va bolalar uchun tibbiyotning ko‘plab yo‘nalishlari bo‘yicha diagnostika, ambulator va statsionar yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Bu yerda 100 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilib, statsionar sharoitida davolanish uchun 120 ta o‘rin tashkil etildi.

Yana bir e’tiborli tomoni, ushbu tibbiyot muassasasi nafaqat aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, balki tegishli sohalar bo‘yicha shifokorlarning malakasini oshirish borasida ham o‘ziga xos markaz vazifasini o‘taydi. Bu yerda AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya va Xitoydan kelgan malakali mutaxassislar ishtirokida mahalliy shifokorlar uchun tibbiyot yutuqlari va ilm-fan yangiliklari yuzasidan uzluksiz mahorat darslari, seminar-treninglar tashkil etiladi.

Shu tariqa bu muassasa zamonaviy klinika, tashxis markazlari, laboratoriyalar va universitetni o‘zida birlashtirgan tibbiyot klasteriga aylandi.

Klinikada quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha shifokorlar faoliyat yuritadi: kardiologiya, nevrologiya, terapiya, endokrinologiya, gastroenterologiya, revmatologiya, urologiya, ginekologiya, dermatologiya, jarrohlik, otorinolaringologiya (LOR), plastik jarrohlik, qon tomir jarrohlik, oftalmologiya, ortopediya, travmatologiya, allergologiya, pulmonologiya, pediatriya, bolalar nevrologiyasi, reabilitatsiya, fizioterapiya. Barcha shifokorlar yuqori toifaga ega va tibbiyot fanlari nomzodlari.

Klinikada Philips, Olympus, Fuji Healthcare va boshqa ko‘plab kompaniyalarning tibbiy jihozlari bilan jihozlangan.