G‘azo sektoridan farqli o‘laroq, g‘arbiy sohilga havo hujumlari kamdan kam uchraydi. Ammo isroillik harbiylar bu yerda muntazam reydlar uyushtirib, terrorchi guruhlar a’zolari hamda Isroil hududida sodir etilgan jinoyatlarda gumonlanuvchilarni qidiradi.
Isroil qo‘mondonligi vakili zarba samolyot, vertolyot yoki drondan yo‘llanganiga aniqlik kiritmagan, ammo Isroil nashrlariga ko‘ra, hujum qiruvchi samolyot orqali amalga oshirilgan. Agar shunday bo‘lsa, bu so‘nggi yigirma yillikda g‘arbiy sohilda ilk bor isroilliklarning harbiy qiruvchisi qo‘llanishi bo‘ladi.
Harbiylarning so‘zlariga ko‘ra, masjid binosi ostida «so‘nggi oylardagi bir necha teraktlarga javobgar bo‘lgan va yaqin kelajakda hujum qilishga tayyorlanayotgan HAMAS va «Islomiy jihod» jangarilarining uyasi» bo‘lgan.
Voqea joyida olingan fotosuratlarda vayron bo‘lgan devorlar va sezilarli darajada shikastlangan binolar aks etgan.
Isroil harbiylari ikki jangari o‘ldirilgani haqida ma’lum qilgan, Falastin muxtoriyati esa yakshanba kuni ertalab yo‘llangan zarba oqibatida besh kishi o‘ldirilganini bildirgan.

G‘arbiy sohildagi Jyenin shahrida joylashgan qochqinlar lageriga UNRWA (BMTning Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam agentligi) tomonidan 1953 yilda asos solingan. Isroil rasmiylariga ko‘ra, shundan buyon u HAMAS va «Islom jihodi» tayanchiga aylangan.
UNRWA vakillari aytishicha, isroillik harbiylarning G‘arbiy sohildagi 28 soatlik reydi natijasida kamida 13 nafar falastinlik halok bo‘lgan, jumladan besh nafar bola ham.
«Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 50 ta uyga shikast yetkazilgan, ayrimlari jiddiy darajada shikastlangan, shuningdek lagerdagi yo‘llar, elektr, suv, internet va kanalizatsiya tarmoqlariga ham zarar yetkazilgan, — deyiladi agentlik xabarida. — UNRWA bir qancha uylardan harbiy maqsadlarda foydalanilgani va bu mazkur uylarda yashovchilar hayotiga jiddiy xavf tug‘dirgani haqida ma’lumot oldi».
«7 oktyabrdan buyon G‘arbiy sohilda kamida 82 falastinlik o‘ldirildi», — degan agentlikning G‘arbiy sohil bo‘yicha bo‘limi direktori Adam Bulukos, lekin u bu raqamlar nimaga asoslanishiga aniqlik kiritmagan.



















