Yig‘ilishga TDTga a’zo davlatlar — O‘zbekiston, Ozarboyjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘izistonning inson resurslarini rivojlantirishga mas’ul idoralar rahbarlari, 30 nafarga yaqin vakillari, O‘zbekistondagi vazirlik, idoralar, hokimliklarning kadrlar bilan ishlash bo‘linmalar rahbarlari, xorijiy va mahalliy OAV vakillari ishtirok etdi.
Qayd etib o‘tish kerak 2022 yilning iyul oyida Turkiya prezidenti huzuridagi Inson resurslari ofisi tomonidan Istanbul shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning inson resurslarini rivojlantirishga mas’ul idora va tashkilotlari rahbarlarining ilk yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.
Dastlabki yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, bu kabi uchrashuvlarni har yili a’zo mamlakatlarning birida o‘tkazishga kelishib olingan, ikkinchi yig‘ilishini O‘zbekistonda tashkil qilish taklif qilingan edi.

Ushbu tadbir davlat xizmatini rivojlantirishda salohiyatli kadrlar zaxirasini shakllantirish muammolari, iste’dodli shaxslarni davlat xizmatiga jalb qilishning zamonaviy va samarali mexanizmlarini muhokama qilish va o‘zaro hamkorlik uchun qulay maydon yaratish maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar davlat fuqarolik xizmati tizimini ilg‘or xorij tajribasi asosida isloh qilish zaruratini ko‘rsatmoqda. Shu o‘rinda, 2022 yil 8 avgustda qabul qilingan «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunni hayotga samarali tatbiq etish uchun xorij tajribasida o‘zini oqlagan zamonaviy mexanizm va texnologiyalarni qo‘llash kun sayin dolzarb masalaga aylanib bormoqda.

«O‘zbekistonda prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan lgari surilgan tashabbusga ko‘ra mahallalarda ishni tashkil qilish tajribasi bizda juda katta qiziqish uyg‘otdi. Mahallarda yettilik joriy etilishi tajribasini o‘zbekistonlik kadrlar xizmati sohasida mehnat qilayotgan hamkasblarimizdan o‘rganmoqdamiz. Biz Qirg‘izistonda joriy etgan o‘z tajribamiz bilan ham o‘rtoqlashdik. Bu avtomatlashtirilgan axborot tizimi bo‘lib, «Tunduk» tizimiga ulanadi va kadrlar bo‘yicha barcha informatsiyalar bitta joyga to‘planadi. Biz o‘zimizning ehtimolli xodimlarimizning ish sifati va salohiyatiga bir onda baho bera olamiz. Turkiy tilli davlatlar o‘rtasida tajriba almashinuvi barchamiz uchun foydali bo‘lishi shubhasiz», — dedi jurnalistlar bilan suhbatda Qirg‘izistondan kelgan arbob Xudaybergan Bazarbayev.



















