Jahon | 14:26 / 24.10.2023
3791
3 daqiqa o‘qiladi

Argentina prezidenti ikkinchi turda saylanadigan bo‘ldi

Saylov byulletenlarining deyarli 98 foizi qayta ishlanib bo‘lgach, iqtisodiyot vaziri Serxio Massa 36,6 foiz, deputat Xaver Miley esa 30 foizga yaqin ovoz olgani ma’lum bo‘ldi. Saylovning ikkinchi bosqichi 19 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Xaver Miley Foto: Agustin Marcarian, Reuters

Argentinada «Vatan uchun ittifoq» hukmron koalitsiyasi vakili, iqtisodiyot vaziri Serxio Massava «Ozodlik kelyapti» alyansi vakili libertar deputat Xaver Miley prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichiga o‘tdi. Mamlakat Milliy saylov palatasi 22 oktyabr kuni ular mos ravishda 36,6 foiz va 30 foizdan sal ko‘proq ovoz olganini ma’lum qildi. 

Uchinchi o‘rinni «O‘zgarish uchun birgalikda» eng yirik muxolifat koalitsiyasidan nomzod, Argentinaning sobiq xavfsizlik vaziri Patrisiya Bulrich 23,8 foiz ovoz bilan egallab turibdi. Kordova provinsiyasi gubernatori Xuan Skyaretti 6,81 foiz natija bilan undan ancha orqada. O‘ta so‘l siyosatchi Miriam Bregmanni saylovchilarning atigi 2,7 foizi qo‘llab-quvvatlagan. 

Birinchi bosqichda g‘alaba qozonish uchun eng yaqin raqibdan farq kamida 10 foiz bo‘lgan taqdirda g‘olib 45 foizdan ko‘proq yoki 40 foiz ovoz olishi kerak edi. Nomzodlarning hech biri bunday natijaga erisha olmagani sababli, 19 noyabr kuni Argentinada saylovning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi. 

Argentina iqtisodiyotining og‘ir ahvoli 

Argentina ancha vaqtdan beri boshdan kechirayotgan og‘ir iqtisodiy inqiroz sharoitida saylovda ishtirok etish uchun mamlakatdagi saylov huquqiga ega 35 milliondan ortiq kishi chaqirildi. Ular parlamentni qisman almashtirish uchun ham ovoz berishi mumkin edi. Lotin Amerikasining uchinchi yirik iqtisodiyotida inflatsiya sentabr oyida o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 138 foizni tashkil etdi. Argentina Xalqaro valuta jamg‘armasidan katta qarzga ega va mamlakatning 47 millionga yaqin aholisi uchdan biridan ko‘prog‘i qashshoqlik chegarasida yashaydi. 

51 yoshli iqtisodiyot vaziri Massa markaziy so‘l hukumat lageridan nomzod bo‘ldi. O‘z dasturiga ko‘ra, siyosatchi asosiy e’tiborni milliy sanoat va neft-gaz sohasini rivojlantirishga qaratmoqchi, bu esa mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirishi mumkin.

Shu bilan birga, o‘zini «anarxo-kapitalist» deb ta’riflaydigan 53 yoshli Miley saylovoldi so‘rovlarida 35 foizdan sal kamroq ma’qullash reytingi bilan peshqadam edi. Saylov kampaniyasi paytida u mamlakatni «parazit siyosatchilar kastasi»dan tozalashni xohlayotganini aytdi. Avvalroq Miley Xitoy, Braziliya va Rossiya bilan aloqalarni rivojlantirish niyatida emasligini, bu davlatlar siyosatiga qo‘shilmasligini bir necha bor ta’kidlagan, biroq u xususiy biznesning ular bilan biznes yuritishiga to‘sqinlik qilmasligini aytgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid