HAMAS delegatsiyasi 26 oktyabr kuni Moskva shahriga tashrif buyurdi. Bundan qanday maqsad ko‘zlangani to‘liq aniq emas. Rossiya TIV G‘azo sektoridagi xorijliklarni, jumladan rossiyaliklarni garovdan ozod etishni talab qilgan, HAMAS Vladimir Putinga diplomatiya uchun minnatdorchilik bildirgan, ammo garovdagilar haqida to‘xtalmagan. Isroil Moskvani tanqid qilib, HAMASni taklif etishni «nomunosib qadam» deb atagan.
Tashrif oldindan anons qilinmagandi va ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. HAMAS delegatsiyasi tashrifi haqida birinchi bo‘lib «RIA Novosti» manbasi xabar berdi. Ko‘p o‘tmay buni Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova tasdiqladi va quyidagi ibora bilan cheklandi: «Falastinning tegishli harakati vakillari Moskvada tashrif bilan bo‘lib turibdi».
Kun oxirida TIV HAMAS Moskvada nima qilayotgani haqida o‘z izohini taqdim etdi. Rasmiy formulirovkaga ko‘ra, G‘azo sektorida asirlikda bo‘lib turgan «xorijliklarni zudlik bilan ozod etish bo‘yicha Rossiya liniyasini davom ettirishda kontaktlar amalga oshirilgan». Bundan tashqari, rossiyaliklar va boshqa mamlakat fuqarolarini anklavdan evakuatsiya qilish masalasi muhokama etilgan.
Delegatsiyaga HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Abu Marzuq boshchilik qilgan, u bilan muzokaralarda Rossiya tomonidan tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari hamda RF prezidenti maxsus vakili Mixail Bogdanov qatnashgan. Lekin Rossiya TIV xabarida Bogdanov familiyasi tilga olinmagan — HAMAS press-relizidagi uchrashuvdan olingan suratda esa uni ko‘rish mumkin.
HAMAS talqiniga ko‘ra, Abu Marzuq Moskvada «G‘azoga qarshi tajovuz»ni muhokama etib, falastinliklar «sionist okkupatsiyasiga barcha mavjud vositalar bilan qarshilik ko‘rsatish»ga haqli ekanini ta’kidlagan. «Harakat delegatsiyasi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning pozitsiyasi va faol rus diplomatiyasi sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi», — deyilgan press-relizda.
HAMAS bayonotida garovdagilar haqida hech narsa deyilmagan. Ammo o‘t ochishni to‘xtatish, nazorat-o‘tkazish punktlarini ochish va insonparvarlik yordamlari yetkazib berishga chaqiriqlar yangragan. Shuningdek, XAMAS Falastin xalqi huquqlarini tilga olgan, Rossiya TIV esa — poytaxti Sharqiy Quddusda bo‘luvchi, 1967 yilgi chegaralardagi Falastin davlatini yaratish zarurligini ta’kidlagan.
Isroil Moskvani BMT Xavfsizlik kengashining 7 oktyabrdagi hujumi uchun HAMAS qoralangan rezolyutsiyaga veto qo‘yganidan bir kun o‘tib HAMAS delegatsiyasini qabul qilgani uchun tanqid qilgan.
«Isroil HAMASning yuqori martabali mulozimlari Moskvaga taklif etilishini terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi va HAMAS terrorchilarining vahshiyliklarini qonuniylashtiradigan nomunosib qadam sifatida ko‘radi», — deya Isroil TIV rasmiy vakili Lior Hayatning so‘zlarini keltirgan Haaretz gazetasi. Nashr Isroilning Rossiyaga nisbatan ochiq tanqidi kam kuzatiladigan holat ekanini qayd etgan.


















