Senat yalpi majlisida sud qarorlari qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual kodekslarga, Ma’muriy sud ishlarini yuritish va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi to‘rtta qonun ko‘rib chiqildi.

Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari shikoyat (protest) asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari, agar ular apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan bo‘lsa, kassatsiya tartibida, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida ko‘rish belgilanmoqda. Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish vakolati viloyat sudi va unga tenglashtirilgan sudlarga qaytarilmoqda. 

Sud qarorlarini qayta ko‘rish bosqichlariga taftish instansiyasi kiritilishi munosabati bilan Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual kodekslarga, Ma’muriy sud ishlarini yuritish va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda taftish instansiyasida ish yuritish tartibi batafsil yoritilyapti. 

Jumladan, qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga sud ishlarini ko‘rishning o‘ta markazlashtirilishiga barham berilishini, ishlarni viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida ko‘rish bosqichlari joriy etilishini, ishlar Oliy sudda taftish tartibida hamda Oliy sudning Rayosatida qayta ko‘rilishini, yuqori turuvchi sudlar tomonidan quyi sudlarning bekor qilingan qarorlarini yangidan ko‘rish uchun qaytadan ushbu sudlarga yuborish tartibi chiqarib tashlanishini, har bir sud instansiyasining zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish majburiyati yuklatilishini, sud qarorlarini qayta ko‘rish bosqichlariga taftish instansiyasi joriy etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, amaldagi yuqori instansiya sudlari tomonidan quyi instansiya sudlarining qarorini bekor qilgan holda yangidan ko‘rish uchun yana quyi sudga yuborish tartibi bekor qilinib, har bir sud instansiyasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish majburiyati yuklanmoqda. Shu bilan birga ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qaror ustidan apellyatsiya shikoyatini berish muddati 20 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda.