«Yabloko» partiyasi asoschisi Grigoriy Yavlinskiy 26 oktyabr, payshanbaga o‘tar kechasi Kremlga tashrif buyurib, u yerda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Rossiyalik siyosatchini 25 oktyabr kuni kechqurun Kremlda «Kommersant» jurnalisti Andrey Kolesnikov payqab qolgan – uning so‘zlariga ko‘ra, Yavlinskiy «hech kim bilan gaplashmay, tezda ichkariga kirib ketgan». Keyinchalik Yavlinskiyning Putin bilan uchrashuvi haqidagi ma’lumotni «Yabloko» partiyasi matbuot xizmati tasdiqladi.
«Yabloko» matbuot-reliziga ko‘ra, Grigoriy Yavlinskiy Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida «o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv zarurligini», shuningdek, ushbu masala bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishi mumkinligini muhokama qilish uchun Putin bilan tunda uchrashishga rozi bo‘lgan. Bundan tashqari, Yavlinskiy prezident bilan «jahon iqtisodiy tizimi parchalanishi sharoitida Rossiya iqtisodiyotining istiqbolli muammolarini» muhokama qilgan.
Uchrashuv yopiq eshiklar ortida o‘tdi: bu haqda Rossiya prezidenti saytida xabar berilmagan, ommaviy axborot vositalari vakillari ham unga taklif qilinmagan.
Bir kun avval Rossiya Kommunistik partiyasi rahbari Gennadiy Zyuganov Putin bilan muzokaralar olib borgani ma’lum qilingandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u prezident bilan «Rossiya kelajagi qiyofasi»ni muhokama qilgan. Shu bilan birga, Zyuganov bu saylov kampaniyasiga tegishli ekanini tasdiqlamadi.
OAV: Kreml Yavlinskiyning saylovlarda ishtirok etishini xohlayapti
«Yabloko» matbuot xizmati OAVga bergan bayonotida Yavlinskiy va Putin Rossiyada bo‘lajak prezidentlik saylovlarini muhokama qilmaganini alohida ta’kidladi. Uning press-relizida yana bir bor ta’kidlanishicha, «Yabloko» asoschisi, agar «fuqarolarning o‘zi uning nomzodini ko‘rsatish uchun kamida 10 million imzo to‘plasa» saylovlarda ishtirok etishga tayyor.
Bir qator ommaviy axborot vositalari 2023 yil avgust oyi oxiridan beri Yavlinskiy yana bir bor saylovda ishtirok etishi mumkinligi haqida Rossiya prezidenti ma’muriyatidagi manbalarga tayangan holda qayta-qayta xabar berdi. Shu tariqa, «Meduza» nashri Yavlinskiy bilan bir qatorda Rossiya Kommunistik partiyasi yetakchisi Gennadiy Zyuganov va LDPR vakili Leonid Slutskiyni Putinning navbatdagi prezidentlik saylovlari uchun «sparring sheriklari» sifatida tanlash rejalashtirilayotganini yozdi.
Keyinchalik ommaviy axborot vositalarida Yavlinskiy saylovchilarga «demokratik nomzodlar»dan biri sifatida ko‘rsatilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Yavlinskiyning muxolifchiligi, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqidagi rasmiy pozitsiyasi bilan ifodalanadi - siyosatchi va «Yabloko» partiyasi harbiy harakatlarni ehtiyotkorlik bilan qoralaydi, buning uchun javobgarlikni bevosita Putinga yuklamaydi.

















