Binyamin Netanyahu o‘z bayonotida muddatni aniq aytmagan, ammo Amerikadagi CBS telekompaniyasi aniqlashicha, amaliyot boshlanishi keyinroqqa qoldirilgan. BBC’ning AQSh Davlat departamentidagi muxbiri Barbara Plett Asher bu masalani tahlil qildi.
Vashington o‘z roli haqida juda mavhum gapirmoqda, shu bilan birgalikda bu amaliyot kechiktirilishining afzalliklarini yashirmayapti.
Chorshanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Netanyahuga HAMAS garovdagilarni ozod etmagunicha kutib turishni taklif qilgani, ammo undan buni talab qilmaganini aytgandi.
Bu sharh AQShning Isroilning falastinliklarga qarshi urushi haqidagi qarashlarini aks ettiradi: Isroilning shu oy boshida tinch aholiga qilingan bemisl hujumga javoban HAMASni tugatish qat’iyatini to‘liq qo‘llab-quvvatlash, shu bilan birga, Isroilning javobi oqibatlari bo‘yicha xavotirlanish.
Qo‘shma Shtatlar ma’muriyati, albatta, Isroil qo‘shini G‘azo sektoriga kirgan zahoti buning imkoni bo‘lmasligini bilgan holda, HAMAS asirlarini ozod etish uchun har qanday imkoniyatdan unumli foydalanmoqchi.
Garovdagilar soni 220 nafardan ortiq, ular orasida Amerika fuqarolari ham bor. Falastinliklar ulardan to‘rt nafarini qo‘yib yuborgani esa boshqalarni ham qo‘yib yuborishi mumkinligi haqida umid uyg‘otadi.
Bu — prezident administratsiyasining vazifasi bo‘lsa, Pentagonning asosiy vazifasi — mintaqaga ko‘proq mudofaa qurollari tizimlarini olib kelish hisoblanadi, ayniqsa Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlar Iroq va Suriyadagi amerikalik harbiylarga hujum qilishni boshlaganidan keyin.
Bu Isroil qo‘shinlari G‘azoga kirganidan so‘ng mintaqada keskinlik yanada kuchayishidan xavotirlarni kuchaytirdi. AQSh yuzaga kelgan muhlatdan o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun foydalanmoqda.
Masalan, Davlat departamenti allaqachon Iroq va Livandagi elchixonalarining ikkinchi darajali xodimlariga mamlakatni tark etishga ruxsat bergan. Livan ay ni vaqtda chegara orqali isroillik harbiylar bilan raketa zarbalari almashayotgan «Hizbulloh» guruhi bazasi hisoblanadi.
Bundan tashqari, Davlat departamenti agar zarurat yuzaga kelsa, Amerika fuqarolarini mintaqadan to‘liqroq hajmda evakuatsiya qilish uchun favqulodda vaziyatlar rejasini ishlab chiqmoqda.
Shu bilan birga, Amerika diplomatiyasi Bayden Oq uyga kelganidan buyon eng uzoq muddatli bo‘layotgan, davlat kotibi Entoni Blinkenning Yaqin Sharq bo‘ylab shiddatli safari bilan boshlangan muzokaralarga jalb etilgan. Bundan maqsad — mojaro butun mintaqa bo‘ylab yoyilishining oldini olishga harakat qilishdir.



















