O‘zbekistonliklarning o‘rtacha oylik maoshi ma’lum qilindi, inflatsiyani 5 foizga tushirish kamida 2-3 yilga cho‘ziladi, o‘zbek so‘mining yangi ramzini ishlab chiqish ustida ish boshlangan, tashqi savdo aylanmasida Xitoyning ulushi 21,1 foizga yetdi, «Poytaxtbank» sotiladi. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa iqtisodiy yangiliklari – “Iqtisodiy taymlayn”da.  

2,9 mln so‘mdan 12,4 mln so‘mgacha

Sentyabr oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 4,4 million so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,1 foizga oshgan.

Hududlar kesimida o‘rtacha maoshning eng yuqori miqdori Toshkent shahri (7 mln 187 ming), Navoiy (5 mln 750 ming) va Toshkent viloyatida (4 mln 419 ming), eng kam miqdori esa Qashqadaryo (3 mln 200 ming), Namangan (3 mln 258 ming) va Samarqand (3 mln 298 ming) viloyatlarida qayd etilgan. 

Hisobot davrida faqatgina uchta ma’muriy hudud – Toshkent shahri, Toshkent va Navoiy viloyatlarida ish haqi darajasi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan.

Sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik moliya va sug‘urta faoliyatida – 12 mln 797 ming so‘m, eng past ko‘rsatkich esa ta’lim sohasida – 3 mln 43 ming so‘m hamda sog‘liqni saqlash sohasida – 2 mln 917 ming so‘m.

Tashqi iqtisodiy aloqalarda Xitoyga bog‘liqlik ortmoqda

2023 yilning dastlabki 9 oyida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi qariyb 45 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda Xitoyning ulushi – 21,1 foizgacha oshgan. Xususan, ushbu mamlakatga eksport 14,3 foizga yoki 1,85 mlrd dollargacha qisqargan bo‘lsa, import hajmi 58,5 foizga yoki 7,6 mlrd dollargacha ko‘paygan. Bunday sharoitda Xitoy iqtisodiyotidagi ta’minot bilan bog‘liq uzilishlar O‘zbekistonga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.

Tashqi savdo defitsiti ham o‘sishda davom etmoqda va bu ko‘rsatkich 9,27 mlrd dollarga yetgan. Yanvar-sentabr oylarida 5,6 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 31,8 foizini tashkil etadi. O‘z navbatida oltin eksporti 2022 yilning mos davri bilan taqqoslanganda, 89,8 foizga ko‘paygan.