Jahon | 10:00 / 30.10.2023
3577
3 daqiqa o‘qiladi

Madridda namoyishchilar kataloniyalik ayirmachilarga amnistiya berilishiga qarshi chiqdi

Muxolifat amaldagi rejalarga qarshi norozilik bildirmoqda. Ispaniya bosh vaziri Sanches hukmron koalitsiya tuzish uchun kataloniyalik ayirmachilarga amnistiya bermoqchi.

Foto: AFP

Ispaniya poytaxti Madridda 100 mingga yaqin odam Ispaniya bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Pedro Sanchesning Kataloniya ayirmachilariga amnistiya qo‘llash rejalariga qarshi norozilik bildirish uchun yig‘ildi. Bu haqda 29 oktyabr, yakshanba kuni El Pais xabar berdi.

Namoyish «Amnistiya va Sanchesning davlat to‘ntarishiga qarshi!» shiori ostida o‘tkazildi. Mitingni o‘ng qanot populistik partiyasi - Vox’ga yaqin jamg‘arma uyushtirgan, uning rahbari Santyago Abaskal ham mitingda ishtirok etgan. Xuddi shu aksiya Madridda 24 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan, o‘shanda mitingga 40 mingga yaqin odam kelgandi. 

8 oktyabr kuni Barselonada mintaqaning Ispaniyadan ajralib chiqishiga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan «Kataloniya fuqarolik jamiyati» tashkiloti tomonidan kataloniyalik separatistlarning amnistiyasiga qarshi aksiya tashkil etildi. 

Sanches koalitsiya evaziga amnistiya va’da qilishi mumkin 

Ispaniyada 23 iyul kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijasi bo‘yicha hukmron koalitsiya tuzilmadi. Sanches boshchiligidagi Ispaniya Sotsialistik ishchilar partiyasi ikkinchi o‘rinni egalladi va birinchilikni Xalq partiyasidan konservatorlarga boy berdi. Qirol Filipp VI Xalq partiyasi yetakchisi Alberto Nunes Feyxooga koalitsiya tuzishni ishonib topshirdi, biroq uning nomzodi parlament quyi palatasi tomonidan rad etildi. Endi Sanchesga koalitsiya tuzish vazifasi qo‘yilgan. 

U Kataloniya uchun mustaqillikka erishmoqchi bo‘lgan va 2017 yilda Kataloniya suverenitetini e’lon qilishga uringan ayirmachi siyosatchilarga amnistiya berilishini talab qilayotgan «Kataloniya so‘l respublikachilari» partiyasi ko‘magisiz buni uddalay olmaydi. Ispaniya hukumati ularning bir qismini 2021 yilda afv etgan. 

«Biz ispanlar Sanchesning parlament ehtiyojlarida aybdor emasmiz. Jinoyat sodir etganlar hukm qilinishi kerak, bizdan jinoyat qilmaganlar esa hech kimdan kechirim so‘ramasligi lozim», - dedi Xalq partiyasi rahbari Feyxoo Sanchesning rejalari haqida. 

Mavzuga oid