Jahon | 11:24 / 03.11.2023
8169
3 daqiqa o‘qiladi

G‘arbiy Yevropaga «Kiaran» dovuli yopirildi, qurbonlar bor

Atlantika okeani ustida vujudga kelgan dovul Angliya janubi-g‘arbi va Fransiya shimoli-g‘arbiga ta’sir ko‘rsatdi, shuningdek, Germaniya, Belgiya va Niderlandiyada ham cheklovlar joriy etildi. Ikki kishi halok bo‘lgani ma’lum.

Foto: AP

Atlantika okeani ustida vujudga kelgan «Kiaran» dovuli G‘arbiy Yevropaga yopirildi. 2 noyabr, payshanbaga o‘tar kechasi Angliya janubi-g‘arbi va Fransiya shimoli-g‘arbi dovul zarbasiga duch keldi. Fransiyada qulagan daraxtlar ko‘plab yo‘llar va temiryo‘llarni to‘sib qo‘ydi, 1,2 millionga yaqin xonadon elektr ta’minotisiz qoldi, o‘n minglab odamlar mobil aloqadan uzildi. 1300 dan ortiq odam evakuatsiya qilindi, deya xabar bermoqda dpa Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanenga tayanib.

Bundan tashqari, Fransiyada bir kishi halok bo‘lgani xabar qilingan: daraxt yuk mashinasi ustiga qulashi oqibatida haydovchi halok bo‘lgan. Fransiyaning Atlantika va shimoliy qirg‘oqlarida suv toshqini xavfi e’lon qilindi. Bretan hududida to‘lqin balandligi 21 metrga, shamol tezligi esa 200 km/soatga yetdi. 31 ta departamentda ob-havoning keskin o‘zgarishi natijasida xavf darajasi oshgani e’lon qilinib, yuk tashish harakatida cheklovlar joriy etilgan. Brest va Kamper aeroportlarida bir qator reyslar kechiktirildi va bekor qilindi.

Germaniyada bir ayol vafot etdi

Germaniyada ham bir kishi halok bo‘ldi. Gars tog‘li mavzesida yosh ayol eri va bolalari bilan sayr qilib yurganida daraxt qulashi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Germaniya meteorologiya xizmati 2 noyabr kuni Shimoliy dengiz sohillarida po‘rtana haqida, Boltiqbo‘yi sohilidagi ayrim hududlarda esa kuchli shamol haqida ogohlantirdi. Kunning birinchi yarmidayoq qulagan daraxtlar Germaniya g‘arbiy qismidagi Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yerida temiryo‘l harakatini murakkablashtirdi. Germaniyada bu dovul boshqa nomga ega - «Emir».

Angliya janubiy qirg‘oqlarida yuzlab maktablar yopildi, Devonda 6 ming xonadon elektr ta’minotisiz qoldi. Katta London mintaqasidagi temiryo‘l kompaniyalar aholini keraksiz safarlardan tiyilishga chaqirdi. Duvr va Kale o‘rtasidagi parom qatnovi to‘xtatildi.

Niderlandiyada yuzlab reyslar bekor qilindi, dedi Sxipxol Amsterdam aeroporti vakili. Shimoliy dengizda kemalar harakati ham cheklangan. Niderlandiya meteorologiya xizmati janubi-g‘arbiy Zelandiya provinsiyasi va Shimoliy dengiz sohilidagi boshqa hududlar uchun ikkinchi, «to‘q sariq» xavf darajasini e’lon qildi. Belgiyada 2 noyabrga o‘tar kechasi dovul tufayli transport harakati cheklandi. Gent porti yarim tundan beri kemalarni qabul qilmayapti va jo‘natmayapti. Bundan tashqari, havo qatnoviga cheklovlar kiritilgani xabar qilingan. Qirollik meteorologiya instituti KMI tezligi 110 km/soatgacha bo‘lgan kuchli shamol haqida ogohlantirdi.

Mavzuga oid