Hozircha bu gaplar shunchaki faraz, ayni vaqtdagi zulmatli vaziyat ichida aql bovar qilmas, asburd va mutlaqo noreal tuyuladi, biroq, keling, uni bir tasavvur qilib ko‘raylik, deb yozadi fransuz jurnalisti, Le Monde nashrining sobiq muxbiri va ayni vaqtda Yevroparlament deputati Bernar Getta.
Tasavvur qilaylik, AQSh, Yevropa Ittifoqi yoki unga a’zo bo‘lgan bir nechta davlatlar bilan Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi, MBS nomi bilan mashhur Muhammad ibn Salmon 2002 yilda o‘z bobosi tomonidan boshlangan tinchlik tashabbusini qayta boshlaydi.
O‘shanda qirol Abdulloh Arab ligasi davlatlariga 1967 yilgi chegaralarda mustaqil Falastin davlati yaratilishi evaziga Isroilni tan olishni taklif etgan edi. Bu rejani Isroil yetakchilari e’tiborsiz qoldirishdi, chunki bu Al-Quds ikkiga bo‘linishi va qochqinlar hamda ularning avlodlari Falastinga qaytarilishiga olib kelardi. Garchi bu tashabbusni Arab davlatlari ligasi va falastinliklar qo‘llab-quvvatlashgan bo‘lsa ham, u qog‘ozda qolib ketgandi. Lekin, keling, bir daqiqaga amerikaliklar, yevropaliklar va saudiyaliklar bu tashabbusni ortiqcha shoshma-shosharliksiz tiriltirdi va yangi muloqotlar uchun jo‘nash nuqtasi sifatida taklif qilishdi, deb tasavvur qilaylik.
Hozir Isroilning qaysi bosh vaziri asr boshlarida bo‘lgani kabi bu taklifni eshitmadim-ko‘rmadim, deya oladi. Hattoki Netanyahuning ham qo‘lidan kelmaydi. Tez orada uning o‘rniga keluvchi siyosatchi ham bunday qila olmaydi. Chunki bir nechta yangi arab davlatlari Isroilni tan olgach, nafaqat Falastin davlatini tuzish muzokaralar mavzusi bo‘ladi, shuningdek Shimon Peresning azaliy orzusi — Yaqin Sharqda mintaqaviy xavfsizlik va hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolanishiga turtki beradigan umumiy bozor tashkil qilish ham amalga oshadi.
Bu dinamika katta ishonch bilan har qanday harbiy operatsiyadan ko‘ra HAMASning siyosiy yo‘q bo‘lishiga, ahamiyati kichik bo‘lgan terrorchilik guruhlari esa marginallashuviga olib keladi. Shundan so‘ng tinchlik, haqiqiy tinchlikka erishiladi. Albatta, har tomondan menga e’tiroz bildirishlari mumkin: orzular nechog‘lik beg‘ubor bo‘lmasin, 7 oktyabrdagi xunrezlik va G‘azoning bombalanishi ortidan agar jahon urushi kelib chiqmasa, kamida yuz yillik urush bo‘lishi tayin, deb. «Xabardor» insonlar bunday urush bo‘lishi tayin va uning oldini olib bo‘lmaydi, deyishadi, chunki hozir Isroil bilan tinchlik imzolashga tayyor falastinlik ham, Falastin davlati bilan yonma-yon yashashni istovchi isroillik ham qolmadi hisob.



















