Bosh vazir Ar-Riyod sammitidagi chiqishida O‘zbekiston Falastin bilan birga ekanini yana bir bor ta’kidlab, musulmon davlatlarni Al-Aqso daxlsizligini saqlab qolishga chaqirdi.
11 noyabr kuni Saudiya Arabistonida o‘tgan Arab-islom davlatlari sammitida G‘azo sektoridagi vaziyat muhokama qilindi. Unda qatnashgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov tomonlarni murosaga kelishga chaqirdi.
«57 ta davlat va qariyb 1,5 milliard aholini o‘z ichiga olgan tashkilotimizning bugungi sammiti alohida ahamiyatga ega. U bizni bog‘lab turgan qadriyatlar naqadar kuchli ekani tasdig‘idir.
Vayronagarchilik va halokat ko‘lami bo‘yicha bu nizo Yaqin Sharq mojarosining oxirgi 50 yillik tarixida ilk bor kuzatilmoqda. Eng achinarlisi, bu inqirozning oxiri ko‘rinmayapti. Biz Falastin diyoridagi mojaroga jim qarab turolmaymiz, O‘zbekiston bu borada tegishli diplomatik chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda», degan u.

Abdulla Aripov bu borada G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami ko‘rsatish uchun O‘zbekiston 1,5 mln dollar ajratgani, BMT Bosh assambleyasining G‘azo sektorida o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga 120 ta davlat qatorida O‘zbekiston ham yoqlab ovoz bergani, ikkita xalqaro sammitda O‘zbekiston prezidenti ushbu mojaroga to‘xtalib o‘tgani haqida eslatdi.
«G‘azo sektorida yuz berayotgan qonli to‘qnashuvlar natijasida yo‘qotishlar o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Biz go‘daklar o‘ldirilishini qabul qilib bo‘lmaydigan nohaqlik deb bilamiz. Qurbon bo‘lganlarning yaqinlariga samimiy ta’ziya izhor qilamiz. Biz Falastin xalqi bilan ekanimizni yana bir bor bildiramiz»,















