Azaldan o‘zaro yaxshi munosabatlarda bo‘lmagan Turkiya va Eron G‘azo masalasida birgalikda harakat qilishi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘lmoqda. Bu haqiqatga qanchalik yaqin, bordi-yu shunday bo‘lib chiqsa, bu birlashuv G‘azodagi kritik vaziyatni yumshatishga yordam beradimi? «Geosiyosat»ning bu galgi sonida Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Shavkat Ikromov ayni shu mavzu yuzasidan fikrlarini bildirdi.
— Misr Eronning gumanitar yordamini o‘z chegara postidan o‘tkazmasligini bildirdi, ikki davlat o‘rtasida qanday kelishmovchilik bor?
— Bu narsani Misr va Eron kelishmovchiligi emas, G‘azodagi vaziyat fonida bo‘layotgan jarayon sifatida baholash kerak. 2022 yildan Eron va Misr o‘rtasida munosabatlarni me’yorlashtirish boshlangan, undan oldin yomon edi munosabatlar.
1979 yilda Eronda Islom inqilobi paytida Muhammad Rizo Pahlaviyga Qohiradan boshpana berilgan edi, bu esa Islom inqilobi yetakchilarini g‘azablantirgan. Eron va Iroq urushida ham Misr Iroq tomonda turgan, bu ham bir sabab bo‘lgan. 90-yillar boshida Misr prezidenti Anvar Sadatni o‘ldirgan eronlik kishi nomi Tehrondagi ko‘chalardan biriga berilgan edi, bu esa o‘zaro kelishmovchiliklarni kuchaytirgan. 2012 yili Misrda Muhammad Mursi hokimiyatga kelgach, u islom davlati tuzmoqchi bo‘lgan va Eron va Misr o‘rtasida davlat rahbarlari darajasida uchrashuvlar bo‘lgan. Lekin inqilob bo‘lib Sisi hokimiyatga kelgach, munosabatlar yana yomonlashgan, 2022 yilga qadar.

2022 yilda butun Yaqin Sharq mintaqasida me’yorlashtirish ishlari boshlangan edi. Bu jarayonga Misr ham qo‘shilib, Eron bilan, Turkiya bilan aloqalarni yaxshilashni boshlagan edi.
Oktyabr (7 oktyabr HAMAS-Isroil urushi) oyida boshlangan urush fonida Eron va Misr pozitsiyalari bir-biriga yaqin kelgan edi. Ikki tomon ham Isroildan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilayotgandi. Lekin Misrdagi Rafah posti ochilib, gumanitar yordamlar borayotgan paytda Eronning gumanitar yordamlari olib o‘tilishini Misr tomoni nozik diplomatik tushuntirishlar bilan rad qildi. Isroil hukumati ham Eron yuklarini o‘tkazmaslik talabini qo‘ygan. G‘azodagi inqirozdan zarar ko‘ruvchi birinchi arab davlati Misr hisoblanadi.
AQSh va kollektiv G‘arb tomonidan qo‘llanayotgan G‘azo aholisini Sinay yarimoroliga ko‘chirish loyihasi Misr uchun yaxshi emas. Tarixda Misr bu narsaning achchig‘ini totib ko‘rgan, Iordaniya va Livan ham. Loyiha bo‘yicha 800 mingdan ortiq aholi ko‘chirilishi Misr uchun ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shundoq ham iqtisodiyoti yomon bo‘lgan Misr uchun katta ortiqcha yuk bo‘ladi.

















