«O‘zbekiston uchun qum va chang bo‘ronlari muammosi har qachongidan ham dolzarb» - Ekologiya vazirligi rahbari
O‘zbekiston uchun kuchayib borayotgan qum va chang bo‘ronlari muammosi har qachongidan ham dolzarb, dedi ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov. Markaziy Osiyo va Xitoy atmosferaga chang chiqarish bo‘yicha dunyo miqyosida ikkinchi o‘rinda turibdi.
15 noyabr kuni Samarqandda BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (CRIC-21 UNCCD) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasi 21-sessiyasi doirasida yalpi majlis bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, UNCCD ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, IHT bosh kotibi o‘rinbosari Huseyn Avni Bijakli va xorijiy delegatlar vakillari ishtirok etdi.
«O‘zbekiston uchun kuchayib borayotgan qum va chang bo‘ronlari muammosi har qachongidan ham dolzarbdir. Chunki mamlakat hududining katta qismi dasht va cho‘llardan iborat. Ushbu muammolarni hal qilish uchun barcha darajalarda kompleks chora-tadbirlar ko‘rish kerak. Bu masalani O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaxsan nazorat qilib bormoqda, — dedi Aziz Abduhakimov. — Markaziy Osiyo mamlakatlari atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari bilan biz samarali platforma yaratdik. Messenjerda dolzarb masalalarni muhokama qilamiz, fikr almashamiz. Bugun men ushbu platformani kengaytirish va qo‘shni hududlardagi siyosatchilarning keng doirasini birlashtirishni taklif qilaman».
Oliy darajadagi tadbir doirasida turli mamlakatlar vazirlari va atrof-muhit sohasidagi yetakchilarning uchrashuvi hamda hukumatlar, BMT agentliklari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida interaktiv muloqot bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar qisqa muhokama va ma’ruzachilarga savollar berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
«Qum va changdan iborat qora bulutlarning yopirilib kelishi, yo‘lidagi hamma narsani yutib yuborayotgani va kunning tunga aylanishi tabiatdagi eng hayratlanarli manzaralardan biridir. Bu Shimoliy va Markaziy Osiyodan Afrikaning janubi-g‘arbiy qismigacha bo‘lgan hamma joyda tartibsizlikni keltirib chiqarayotgan xavfli hodisadir, — dedi BMTning cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiau. — Qum va chang bo‘ronlari barqaror rivojlanishga erishish uchun katta muammo tug‘dirmoqda. Biroq, bu xavfni yanada og‘irlashtirish ham, bartaraf etish ham insonlarning qo‘lida».
O‘z navbatida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti xodimi Bahriddin Nishonov havo ifloslanishini monitoring qilishning zamonaviy tizimlari muhim ekanini ta’kidladi.
«Tadqiqotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo va Xitoy atmosferaga chang chiqarish bo‘yicha dunyo miqyosida (Sahroyi Kabir cho‘lidan keyin) ikkinchi o‘rinda turadi – bu umumiy miqdorning taxminan 20 foiziga teng. O‘zbekistonda shahar va aholi punktlarining atmosfera havosidagi chang va mayda dispers zarrachalarning (RM1, RM2,5, RM10) ko‘rish diapazoni va konsentratsiyasini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi avtomatik meteorologik stansiyalar va havoning ifloslanishini avtomatik nazorat qiluvchi stansiyalar o‘rnatilgan. Chang va qum bo‘ronlarini kuzatish va prognoz qilish imkoniyatlarini kuchaytirish ushbu hodisalarning salbiy oqibatlarini kamaytirishga yordam beradi», — dedi u.
UNCCD ma’lumotiga ko‘ra, har yili atmosferaga Gizadagi 350 ta piramida og‘irligiga teng bo‘lgan ikki milliard tonna qum va chang tarqaladi. UNCCD ekspertlari fikricha, bu hodisaning 25 foizdan ortig‘i inson faoliyati bilan bog‘liq. Zarar Shimoliy va Markaziy Osiyodan Sahroi Kabir, janubiy Afrikagacha bo‘lgan mamlakatlarda sodir bo‘ladi, ularning inson salomatligiga ta’siri hali ham yetarlicha baholanmagan.
Mavzuga oid
13:48 / 13.11.2024
Jahon banki vakili O‘zbekistonning COP29’dagi pavilyoni bilan tanishdi
19:41 / 29.03.2024
Jamoat transportidagi amaldorlar va piyodalar muammosini boshdan kechirgan vazir. Toshkentda «Avtomobilsiz kun» aksiyasi
14:39 / 04.02.2024
«Jamoatchilik qo‘llovi bizga kuch beryapti» – vazir ekologiya bo‘yicha takliflar tez qabul qilinayotgani haqida gapirdi
19:50 / 30.01.2024