AQSh-Xitoy aloqalari nima uchun muhim?

16 noyabr kuni AQShning San-Fransisko shahrida Jo Bayden XXR raisi Si Jinping o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvni butun dunyo ekspertlari va siyosiy doiralar katta qiziqish bilan kuzatib turdi. Bu ikki davlat aloqalari, nimasi bilan muhim? Ikki davlat rahbarining uchrashuvidagi asosiy intriga nimada edi? 

AQSh va XXR – dunyoning birinchi va ikkinchi qudratli davlatlari hisoblanadi. Ularning iqtisodiy, harbiy, siyosiy va diplomatik resurslari dunyoda yetakchi o‘rinlarda. Ular o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik esa dunyodagi eng yirik munosabatlar hisoblanadi. 2022 yilda AQSh va XXR o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aylanma hajmi 700 milliard dollardan oshgan. 

Bayden va Jinpingning ushbu uchrashuviga e’tibor har doimgidan yuqori bo‘ldi. Birinchidan, bu – ushbu ikki davlat rahbarlarining 2017 yildan beri birinchi bor AQShda ko‘rishishidir. 2022 yil noyabrida ikki davlat rahbarlari Indoneziyaning Bali orolida, «Katta yigirmatalik» sammiti doirasida ko‘rishgandi. 

Shundan buyon dunyodagi geosiyosiy vaziyat yanada keskinlashdi. Rossiyaning Ukrainaga bosqini davrida Xitoy-Rossiya tandemi shakllangandek tasavvurlar paydo bo‘ldi. Xitoy hech bo‘lmaganda ma’naviy jihatdan Rossiyani qo‘llab turibdi. 

Oktyabr oyida esa Hamasning Isroilga hujumi ortidan Isroil-Falastin urushi yangilandi hamda arab-musulmon dunyosining Isroil-AQSh ittifoqiga qarshi tirashuvi mutlaq yangi darajaga chiqdi. Mana shu fonda ham Xitoyning Eronga, arab davlatlariga, Yaqin Sharqqa ta’sir qilish imkoniyatlari yanada muhim geosiyosiy o‘lchamga ega bo‘lmoqda. 

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning ikki qavati bor. Fundamental darajada bu ikki davlat – strategik raqiblar. 21 asrda qaysi bir davlat dunyoda yetakchi bo‘lishi – joriy raqobat natijasida ma’lum bo‘ladi. 

AQShda chiqariladigan strategik hisobotlarga va hukumat ekspertlari xulosalariga ko‘ra, XXR – AQSh uchun strategik tahdid hisoblanadi. Xitoy uchun ham AQSh – do‘stona davlat sifatida ko‘rilmaydi. AQShning boj to‘lovlari siyosati «dushmanona qadam» sifatida baholanadi. Qolaversa, Pekinga AQShning Tayvan borasidagi siyosati umuman ma’qul emas. Bu ikki davlat bir-birini eng katta raqib, muxolif sifatida ko‘radi. Shuning uchun ham ular o‘z harbiy salohiyatini parvarishlab bormoqda. 

Ayni damda bu ikki davlatning o‘zaro munosabatlarini normallashtirish, narigi tomonning qo‘llovini qo‘lga kiritish – shu kunlardagi zarurat hisoblanadi. AQSh uchun Xitoy – Ukraina, Rossiya, Yaqin Sharq va Eron masalalarida yordam berishi mumkin bo‘lgan qudratdir. Lekin Xitoy buni istaydimi? Evaziga nima so‘raydi?