Kun davomida jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning qisqa va lo‘nda tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.
Isroil-HAMAS mojarosi
Bugun, 24 noyabrdan boshlab G‘azo sektorida to‘rt kunlik otashkesim amal qila boshlaydi. HAMAS garovda ushlab turilganlarning bir qismini qaytarishi, Isroil esa buning evaziga qamoqxonalarda saqlanayotgan falastinlik mahbuslarni ozod etishi e’lon qilingan.
Isroil kuchishlatar tizimlari rahbarlari muvaqqat otashkesimdan so‘ng janglar yana davom ettirilishini ta’kidlashmoqda.
«Agar urush muvaqqat otashkesimdan keyin davom ettirilmasa, men bu hukumat bilan hech bir umumiy jihatim bo‘lishini istamayman», — degan Isroil ichki xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir.
Qayg‘uli statistika esa o‘sishda davom etmoqda: G‘azoda Isroil zarbalari oqibatida o‘ldirilganlar soni 14 ming 845 nafarga yetdi. Yana 36 mingdan ortiq kishi yaralangan. «Al-Hadas» telekanali ma’lumotiga ko‘ra, o‘ldirilganlarning 6150 nafari yosh bolalar, 4 mingdan ortig‘i ayollar.
Ukrainadagi urush
Rossiya qo‘shinlari Donetsk yaqinidagi Avdiyivka shaharchasiga shturmning uchinchi to‘lqinini boshladi. Ular yana zirhli texnika kolonnalari bilan bostirib kirishga urinmoqda.
Ukrainaning «Tavriya» qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni Oleksandr Tarnavskiyga ko‘ra, bir sutka ichida Rossiya qo‘shinlari 706 kishi va 51 ta texnikasi, jumladan 8 ta tankidan ayrilgan.
Rossiyaliklar shturm harakatlarini 25–30 foizga oshirishgan, shuningdek, bir nechta zirhli texnika kolonnalari bilan hujumga o‘tishgan, biroq texnikalarining 80 foizidan ayrilgani xabar qilinmoqda.
Rossiy «harbiy muxbirlari» ham hujum haqida yozib, ayrim uchastkalarda rossiyaliklar biroz olg‘a siljishganini qayd etishgan. Rossiya armiyasi ham kassetali snayardlardan foydalanayotganini xabar qilishgan.
Bu orada BMT Ukrainada urush boshlanganidan buyon 10 mingdan ortiq tinch aholi vakillari halok bo‘lganini tasdiqladi. O‘ldirilganlar orasida rasman tasdiqlangan bolalar soni — 560 nafar. BMT monitoring missiyasi o‘tgan davr ichida 18,5 ming kishi yaralanganini ham qayd etgan.














