Niderlandiyadagi parlament saylovlarida Ozodlik partiyasi (PVV) g‘olib bo‘ldi, uning rahbari immigratsiyaga, islom diniga va mamlakatning Yevroittifoqqa a’zoligiga qarshi bo‘lgan, o‘ta o‘ng siyosatchi Gert Vilders hisoblanadi.

Uning g‘alabasi Yevropa siyosatida o‘ng va o‘ta o‘ng partiyalarning o‘sib borayotgan mashhurligi bilan tavsiflangan tendensiyaning davom etishi bo‘ldi.

Ammo Niderlandiyadagi siyosiy tizim shunday tuzilganki, partiyaning bu g‘alabasi Vilders bosh vazirlik kursisini egallashini kafolatlamaydi.

«Niderlandiyalik Tramp»

Vilders anchadan buyon Niderlandiyaning o‘zida ham, xorijda ham mashhur siyosatchilardan sanaladi.

Vilders g‘alabani qizg‘in nishonladi, ammo uning bosh vazir bo‘lishiga hali ancha bor. Foto: REUTERS

Uning otashin nutqlari, muhojirlar va islom diniga qarshi bayonotlari, shuningdek salkam 30 yildan buyon sochini oqqa bo‘yab kelishi unga «niderland Trampi» laqabi qo‘yilishiga sabab bo‘lgan.

Ammo barcha, jumladan Vildersning o‘zi ham, butun siyosiy faoliyatini muxolifatda o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi, deb ishonardi.

U 2010 yilda hukumatga kirishga yaqin bo‘lgandi, o‘shanda uning partiyasi hozirda hokimiyatdan ketayotgan Mark Ryutte tomonidan shakllantirilgan hukmron koalitsiyani qo‘llab-quvvatlagandi.

Ammo Vilders o‘sha vaqtdagi ma’muriyatga rasman qo‘shilmagan va hatto bir yarim yil o‘tib budjet masalalaridagi kelishmovchilik tufayli ushbu ma’muriyat iste’foga chiqishiga erishgandi. O‘shanda Ryutte hukumati budjet taqchilligini qisqartirishni va pensiyaga chiqish yoshini bir yilga oshirishni istagandi.

Islom diniga qarshi qat’iy pozitsiyasi Vildersni nafaqat asosiy (meynstrim) partiyalardan uzoqlashtiradi, balki uni radikal kuchlar nishoniga aylantiradi. Shu tufayli Vilders qariyb 20 yildan buyon politsiyaning 24 soatlik himoyasi ostida yashab keladi. Shu bilan birga u hech qanday tahdid uni jim bo‘lishga majbur qila olmasligini ta’kidlaydi.

Vilders bu saylovda Haaga meriyasida ovoz berdi, bu yerga u bahaybat qo‘riqchilar qurshovida tashrif buyurdi, bungacha bino sinchiklab tekshirib chiqilgandi.