O‘zbekistondagi davlat tashkilotlari saytlariga so‘nggi yarim yillikda 2 milliondan oshiq kiberhujum turlari aniqlangan. Mutaxassislarga ko‘ra, butun dunyoda ortayotgan bu tendensiya ortida asosan sohani yangi o‘rganayotganlar turgan bo‘lishi mumkin. Kun.uz O‘zbekistondagi kiberxavfsizlikka tug‘ilayotgan tahdidlar va unga qarshi choralar haqida Kiberxavfsizlik markazi vakili va mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda davlat tashkilotlarining rasmiy saytlari va turli to‘lov tizimlariga ham kiberhujumlar ko‘payib bormoqda. Bunga javoban ushbu saytlarda tashqi trafik yopib qo‘yildi. Avvalroq esa, 200 mingdan ortiq o‘zbekistonliklarning brauzerlardagi parollari xakerlar tomonidan o‘g‘irlanib, ochiq internetga chiqarib yuborilgani ma’lum bo‘lgan edi.

Kun.uz muxbiri O‘zbekistonda davlat tashkilotlari rasmiy saytlariga hujumlar va ularning maqsadlari, xavflari, kibersavodxonlik kabi masalalarda intervyu tashkil qildi. Mehmonlarimiz – “Kiberxavfsizlik markazi” DUK bo‘lim boshlig‘i Jahongir Mahmudov, kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Jasur Erkinboyev, kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassis Anvar Narzullayev.

— Davlat tashkilotlari rasmiy saytlarida bir qancha vaqt ishlamay qolayotganini kiberhujum deyish mumkinmi?

Jahongir Mahmudov, “Kiberxavfsizlik markazi” DUK bo‘lim boshlig‘i:

— Bu uzilishlarni to‘laqonli kiberhujum deb aytolmaymiz. Chunki saytlar ikki qismdan iborat: foydalanuvchilarga ko‘rinadigan frontend qismi va uning ortida ishlaydigan backend, ma’lumotlar bazasi. Bu komponentlarni yangilab, o‘z vaqtida texnik xizmatlar ko‘rsatib turish kerak bo‘ladi. Aksariyat hollarda tizimga ko‘rsatilayotgan texnik xizmatlar saytlar vaqtincha ishlamay turishiga sabab bo‘ladi. Buni kiberhujumlar deb aytolmaymiz. Shu bilan birga, endi kiberxavfsizlikni o‘rganayotganlar tomonidan ham ko‘p so‘rovlar yuborish, fishing kabi harakatlar ham bo‘lib turishi mumkin, lekin asosiy qismi kiberhujum deyolmaymiz.