Italiyaning Montesilvano shahrida o‘tgan shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionatida o‘zbekistonlik shaxmatchi, 14 yoshli Afruza Hamdamova g‘olib bo‘lib, jahon chempioni bo‘ldi. Bugun Toshkent Xalqaro aeroportida Afruza tantanali tarzda kutib olindi.

12−25-noyabr kunlari Italiyaning Montesilvano shahrida shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik 3 nafar shaxmatchi ham qatnashib, mamlakatimiz sharafini himoya qildi. E’tiborlisi, chempionatning 14 yoshgacha bo‘lgan yosh toifasida Afruza Hamdamova muddatidan oldin jahon chempioni bo‘ldi va Afruza O‘zbekiston tarixida qizlar o‘rtasidagi ilk jahon chempioniga aylandi.

Toshkent xalqaro aeroportida shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionatida ishtirok etgan shaxmatchilarni kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva 26-noyabr tongida O‘zbekistonga qaytib kelgan Afruzani shaxsan kutib oldi. Saida Mirziyoyeva qizning bosh murabbiyi — otasi Akbar Hakimovga alohida minnatdorlik bildirdi.

“O‘z g‘alabalari bilan barcha tashabbuslarimiz, biz kurashayotgan maqsadlarimiz to‘g‘ri ekanini tasdiqlagan Afruzadan juda minnatdorman. Teng imkoniyatlar, xotin-qizlarga hurmat va ular iqtidorining e’tirofi shular jumlasidan. Qizaloqning bosh murabbiyi – otasi Akbar aka Hakimovga alohida rahmat aytmoqchiman. Qizingizning iste’dodini rivojlantirishga kuch va vaqtingizni ayamaganingiz uchun tashakkur”, deb yozadi Saida Mirziyoyeva o‘z telegram sahifasida.

Foto: Telegram/Saida Mirziyoyeva

Afruza O‘zbekiston tarixida qizlar o‘rtasidagi ilk jahon chempioniga aylandi. E’tiborlisi, Afruza Hamdamova Shengen vizasini rasmiylashtirish kechikkani uchun birinchi raundni o‘tkazib yubordi, ammo texnik mag‘lubiyatga qaramay, 9 ta g‘alabaga erishdi.

“Men ushbu g‘alabamni xalqimga, prezidentimga bag‘ishlayman. Raqiblarimning barchasi yaxshi shaxmatchilar edi. Ularga qarshi bir necha yildan buyon o‘ynab kelganim sababli, qanday yurishlarni amalga oshirishini yoddan bilardim. Asosiy o‘yinlarda qora ranglarda o‘ynash qiyinchilik tug‘dirdi. Agar ular xato qilsagina mening g‘alaba qozonish imkoniyatim oshardi. Xato qilmasa, o‘yin durang bilan yakunlanardi. Raqiblarimning asosiy kamchiligi oxirida endshpilda yaxshi o‘ynay olmasligi bo‘ldi. Shu sababli qaysi rangda bo‘lishimdan qat’i nazar endshpilda g‘alaba qozondim. Eng katta maqsadim — O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarish, ayollar o‘rtasida eng yosh grossmeysterga aylanish”