Osiyo Chempionlar ligasi 5-turidan keyin G‘arb mintaqasidagi 5ta guruhda muddatdan avval keyingi bosqichga yo‘llanma olgan jamoalar soni 4taga yetdi va ular orasida hozircha O‘zbekiston klublari yo‘q. So‘nggi 6-tur oldidan mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan 4 klubdan 3tasida 1/8 finalga yo‘llanma olish imkoniyati bor. «Nasaf», «Paxtakor» va «Navbahor» orasidan qaysi biri pley-offga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga ega ekanini sarhisob qildik.
Joriy mavsumdan Osiyo Chempionlar ligasida 40ta jamoa ishtirok etmoqda. Sharq va G‘arb mintaqasidagi jami 10ta guruhdan 1/8 finalga 16ta jamoa yo‘llanma oladi. Har ikki mintaqadan 8tadan jamoa. G‘arbiy mintaqadan hozirga kelib «Al-Ayn», «Al-Ittihod», «Al-Hilol» va «An-Nasr» rasman keyingi bosqichga yo‘l olgan. Qolgan 4 yo‘llanma sohibi 6-turdan keyin ma’lum bo‘ladi. Hozirga kelib O‘zbekistondan faqatgina OKMK pley-off yo‘llanmasidan umidini uzib bo‘lgan.

«A» guruhi: «Al-Ayn» pley-offda, «Paxtakor»ning taqdiri o‘z qo‘lida emas
«A» guruhida «Al-Ayn» klubi ketma-ket 4 g‘alabaga erishib, OChL G‘arb mintaqasidan keyingi bosqichga yo‘llanma olgan dastlabki jamoaga aylangan edi. Bu mintaqaning 5ta guruh peshqadamidan tashqari, 2-o‘rinni egallagan 5 jamoadan eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 3tasi 1/8 final yo‘llanmasiga ega chiqadi. «Paxtakor» BAAda «Al-Ayn» ustidan g‘alabaga (1:3) erishgach, 7 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. Toshkent klubida nimchorakfinalga chiqish uchun imkoniyat saqlanib turibdi, ammo barchasi o‘z qo‘lida emas. Shatskix shogirdlari 2-o‘rindagi klublar orasida eng yomon natija qayd etgan. O‘zbekistonning amaldagi chempioni 5 dekabrda Toshkentda «Al-Fayha»ni mag‘lub etib, eng kamida yana ikki raqobatchisining ochko yo‘qotishini kutishga majbur. O‘shanda ham so‘nggi yo‘llanmaga ega chiqishga umid qiladi. Sababi, OKMKga 9ta gol kiritgan «Sipohon» to‘plar nisbatidagi +9 natijasi bilan 2-o‘rindagi eng yaxshi jamoa bo‘lib turibdi, «Navbahor» ham +4 ko‘rsatkichi bilan bu borada 2-natija egasi hisoblanadi. Fors klubi so‘nggi turda «Al-Ittihod»ga mag‘lub bo‘lgan taqdirda va «Navbahor» Hindistonda yutqazsa ham «Paxtakor» to‘plar nisbatidagi farqni tenglashtirishi qiyin masala. Shuningdek, «Nasaf» o‘rin olgan «V» guruhida 2-o‘rin sohibi 10 ochko to‘plamasligi, «Ye» guruhida esa «Persepolis» «Ad-Duhayl»ni mag‘lub etmasligi kerak. Shunday ekan, «sherlar» so‘nggi turda avvalo g‘alabaga erishib, so‘ng mo‘jizani kutishiga to‘g‘ri keladi.
A guruhidagi vaziyat:













