O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov mamlakatda akkreditatsiya qilingan Yevropa Ittifoqi va Yevropa davlatlari diplomatik missiyalari rahbarlarini qabul qildi.

«Yevropa Ittifoqi, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Turkiya, Vengriya, Shveytsariya va Chexiyaning mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazishdan mamnunmiz», - deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining Telegram-kanalida. 

Sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, yuqori darajadagi tashriflarni faollashtirish, mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasida hamkorlik uchun ulkan, ammo foydalanilmagan salohiyatni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Shuningdek, bo‘lajak muloqotlar jadvali yuzasidan ham fikr almashildi.