Ha, qish kelishi bilan is gazi, dudburonlar, gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ko‘payadi. Ora-sirada o‘lim holatlari haqida ham eshitib qolamiz. Odamlarni bu borada hushyorroq bo‘lishga undash kerak. Lekin bu borada davlat tashkilotlarining o‘zi TV, radio va davriy hamda onlayn matbuot orqali targ‘ibotni kuchaytirishi lozim.

Bunday xodimlar shaxsan o‘zimga ham duch kelishgan. Mahallani kezib, «uyingizdagi gaz plitalarini va qo‘shkonturli qozonxonani yong‘in xavfsizligiga qarshi tekshirishimiz kerak», deyishgan. Ustida harbiy kamuflyaj forma. Qo‘ltig‘iga papka qistirgan. Hujjat so‘rasangiz — O‘zbekiston bayrog‘i foniga chiroyli qilib bitilgan xizmat guvohnomasini ham ko‘rsatadi. Ular yillik qanaqadir to‘lov uchun 25 ming so‘m talab qilgan. Guvohnomasini telefonimda rasmga olmoqchi bo‘lganimda qo‘limdan sug‘urib qochgani yodimda.

Bunday «soxta pojarniy»lardan ogohlantirib, telegram-botimga ham murojaat kelib tushgan edi.

«Oxirgi vaqtlarda aholi xonadonlariga go‘yoki o‘zlarini «pojarniy» xodimlari, deya tanishtirib uy ichidagi gaz plita, isitish tizimlarini ko‘zdan kechirib o‘zlaricha maslahatlar berib pul undirib yurgan firibgarlar ko‘payib bormoqda.

Aslida bular pojarniyga hech qanday aloqasi yo‘q. Ular «Yong‘inga qarshi kurash, yong‘inning oldini olish» va yana allambalo so‘zlaridan ustomonlik bilan foydalanib, MChJlar tashkil qilib o‘zlariga xizmat guvohnomalari yasab olishgan.

Sodda xalqimiz esa harbiy libosdagi bunday kimsalarning xizmat guvohnomasini so‘ramaydi, so‘rasa xam o‘sha «yong‘in» so‘zini ko‘rishi bilan «bo‘ldi, haqiqatan pojarniy xodimi ekan», degan fikrga boradi. Bir necha bor organlarga murojaat qildim, lekin bular «biz xususiy firma sifatida xizmatimizni taklif qildik», deya qutulib ketishyapti».

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ana shunday, sohaga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan, noqonuniy faoliyat olib borayotgan, aholidan pul yig‘ayotgan «soxta xodim»lardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

«So‘nggi yillarda, asosan kuz-qish mavsumi boshlanishi bilan mamlakatimiz bo‘ylab, ayniqsa, hududlarda maxsus kiyim-boshdagi shaxslar o‘zlarini «davlat yong‘in nazorati organi («pojarniy») xodimi» sifatida tanishtirib, fuqarolardan 20 ming–40 ming so‘m atrofida «yillik to‘lov» qabilida turli miqdordagi pul mablag‘larini majburiy tarzda noqonuniy yig‘ish holatlari kuzatilmoqda.