O‘zbekiston | 12:01 / 30.11.2023
20385
2 daqiqa o‘qiladi

Olmaotada yong‘in oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida o‘zbekistonliklar ham bor

Qozog‘istonning Olmaota shahridagi hostelda ro‘y bergan yong‘in oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi, ularning ikki nafari o‘zbekistonliklar. O‘zbekiston TIVdagilar jasadlarni olib kelishda marhumlarning yaqinlariga yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Foto: Tengrinews.kz

30 noyabr tongida Olmaotadagi hostelda yong‘in ro‘y berib, uning oqibatida 13 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Tengrinews.kz nashri xabar bermoqda.

Hostelda jami 72 kishi bo‘lgan, ulardan 59 nafari voqea joyidan mustaqil ravishda chiqib keta olgan.

«Yong‘inni o‘chirish va qidiruv ishlari davomida 13 nafar jasad topilgan, ularning shaxsi aniqlanmoqda. Taxminlarga ko‘ra, ular is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etgan», — deyiladi xabarda.

Olmaota shahar Favqulodda vaziyatlar departamenti ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlarning ikki nafari O‘zbekiston, yana ikki nafari Rossiya fuqarolaridir.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmati «Gazeta.uz» so‘roviga javoban aniqlik kiritishicha, halok bo‘lgan ikki o‘zbekistonlik ham — 2000 yilda tug‘ilgan yigitlar bo‘lishgan. Ayni vaqtda mamlakatning Olmaotadagi bosh konsulligi shahar rasmiylari va boshqa tegishli idoralar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. O‘zbekiston TIVdagilar jasadlarni olib kelishda marhumlarning yaqinlariga yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur bino bir yarim oy muqaddam hostelga aylantirilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in o‘chog‘i yerto‘ladagi koridorda bo‘lgan.

Shahar hokimi Yerbolat Dosayev Zakon.kz nashriga yerto‘lani hostel qilish noqonuniy amalga oshirilganini aytgan.

«Mijozlarni yerto‘laga joylashtirish taqiqlangan. Qayta jihozlashga, sanitariya normalariga moslashtirishga ruxsat berilgan…binoning bu qismida oshxona, yerto‘la va boshqalar bo‘lishi kerak edli», — degan Yerbolat Dosayev.

Yong‘in va 13 kishining o‘limi yuzasidan respublika Jinoyat kodeksining 292-moddasi (yong‘in xavfsizligi talablarini buzish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid