Iqtisodiyot | 17:27 / 01.12.2023
28445
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bankka shubhali holatlarda kartalarni vaqtincha bloklash vakolati berildi

Onlayn firibgarliklarga o‘z vaqtida chek qo‘yish maqsadida Markaziy bankka shubhali operatsiyalar vaqtida bank kartalari va hisobvaraqlarni bloklash to‘g‘risida majburiy ko‘rsatma berish vakolati berildi. Shuningdek, MB antifrod tizimlarini hayotga tatbiq etish, ketma-ket uch yoki undan ortiq o‘tkazmalar nazoratini avtomatlashtirish mexanizmlarini joriy etadi.

Foto: Zafar Xalilov

“Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) iste’molchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, o‘g‘irlik, firibgarlik va boshqa huquqbuzarliklarga o‘z vaqtida chek qo‘yish maqsadida Markaziy bank tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlariga bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalar sodir etilgan taqdirda, bank kartalari, bank hisobvaraqlari va mobil ilovalardagi hisobvaraqlardan foydalanishni uch kungacha muddatga vaqtincha cheklash to‘g‘risida majburiy ko‘rsatmalar berish vakolatini oldi.

Markaziy bank manfaatdor idoralar bilan birga 1 oy muddatda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshiradi:

  • tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari tomonidan fuqarolarga onlayn xizmatlar ko‘rsatishda texnik himoya usullarini takomillashtirish, antifrod tizimlarini joriy etish, ketma-ket uch yoki undan ortiq o‘tkazmalar nazoratini avtomatlashtirish, bank kartalaridan foydalanishni hamda jismoniy shaxslar o‘rtasida katta miqdordagi pul o‘tkazmalarini qo‘shimcha biometrik va boshqa himoya choralarini qo‘llagan holda nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish;
  • zamonaviy tahdidlar, bank kartalari (karta rekvizitlari) bilan, shu jumladan elektron to‘lov tizimlari orqali noqonuniy operatsiyalarning oldini olish uchun aholining raqamli moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish.

Shuningdek, mablag‘larni oluvchi tomonidan qimor o‘yinlari tashkil etish va o‘tkazish faoliyati hamda kapital harakati operatsiyalari amalga oshirilayotgani to‘g‘risidagi to‘lov tizimining operatsiya kodi yoki boshqa identifikatorlar belgilanmagani haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lganda, tijorat banklarining bank kartasi yordamida O‘zbekistondan tashqarida joylashgan mablag‘ qabul qiluvchiga transchegaraviy o‘tkazish taqiqlanadi.

Mavzuga oid