Uch qavatli turarjoy binosining birinchi qavati va yerto‘lasida tashkil qilingan hostel 1,5 oy avval ochilgan. Yong‘in oqibatida binoda tashqi yonish kuzatilmagan. Qurbonlar paydo bo‘lgan tutun va is gazidan zaharlanish oqibatida halok bo‘lgan.
Yong‘in haqida tong soat 05:33 da xabar borib tushgan. Bu vaqtda hostel ichida 72 kishi bo‘lgan va 59 kishi mustaqil tarzda tashqariga chiqqan. 30 metr kvadrat hududdagi yong‘in bir soatda o‘chirilgan. Ofatni bartaraf etish uchun 13 ta texnika va 46 nafar qutqaruvchi ishtirok yetgan.

Tergov yong‘in sodir bo‘lishining uchta variantini o‘rganib chiqmoqda. Bular elektr o‘tkazgichlardagi tutashuv, chekish ortidan matrasda yuzaga kelgan alanga, hostel ichida turgan elektrosamokatlardan biridagi tutashuv.
Qozog‘iston FVV vaziri Sirim Sharipxanovning aytishicha, hostelda juda ko‘p ortopedik matraslar bo‘lgani sabab odamlarni qutqarish uchun imkoniyat kam bo‘lgan. Bundan tashqari, zaharli tutun qutqaruvchilar ishini qiyinlashtirgan. Vazir bunday binodan hostel sifatida foydalanish mutlaqo mumkin emasligi, mahalliy hokimlik ham, vafot etgan talabalar o‘qiydigan oliygohlar ham bunday hostel bo‘lganidan bexabar bo‘lganini aytgan. Qozog‘iston Oliy ta’lim vazirligi Olmaotadagi hech bir oliygoh bu hostelda talabalarni joylashtirish bo‘yicha shartnoma imzolamaganini ma’lum qilgan.

Mahalliy qonunchilikka ko‘ra, davlat tashkilotlari kichik biznes obektlarini tekshirish huquqiga ega emasligi hostel noqonuniy faoliyat olib borganining sabablaridan biri sifatida qaralmoqda.
FVV vaziri barcha qurbonlarning shaxsi aniqlanib, ularning oila a’zolari vaziyatdan xabardor qilinganini aytgan. Mahalliy hokimlik qurbonlarning oila a’zolariga 1 million tenge (2200 dollarga yaqin) kompensatsiya to‘lab berishi ma’lum bo‘ldi. Qozog‘iston fuqarosi bo‘lmagan, jumladan, ikki nafar o‘zbekistonlik oilasiga bu pul berilmaydi, ammo Qozog‘iston tomoni ularning jasadi oilasiga yetkazib berilishiga yordam beradi.
Avval qurol ombori bo‘lgan

















