“Qisqa davr mobaynida O‘zbekistonda [BMTning] Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha boshqa joyda uchramaydigan tajriba hamda unikal tizim joriy qilindi”, – dedi Senat raisi Toshkentdagi xalqaro forumda. Tadbirda qatnashgan BMT vakili O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining o‘rni har qachongidan ham muhimligini qayd etdi.

2015 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyo mamlakatlarida iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vaziyatni yaxshilash va bu orqali butun insoniyatning turmush farovonligini oshirishga qaratilgan global maqsadlar dasturini ishlab chiqqan. Xalqaro tashkilotning bu dasturi jami 17 ta barqaror rivojlanish maqsadlari va 169 ta vazifadan iborat bo‘lib, uni amalga oshirish muddati 2030 yilgacha etib belgilangan.

Maqsadlar ishlab chiqilgan vaqtidayoq ko‘plab mamlakatlar, xususan, O‘zbekiston tomonidan ham qabul qilingan. Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarish doirasida nimalar qilinganini hisob-kitob qilish va kelgusi rejalarni belgilash maqsadida 30 noyabr kuni Toshkentdagi xalqaro forumlar saroyida parlamentlararo ikkinchi global forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda ko‘plab davlatlar parlamentlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, ekspert va mutaxassislar ishtirok etishdi.

Tadbirda qatnashgan O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva nutqi davomida bu kabi forumlar boshqa davlat vakillari bilan tajriba almashish maydoni sifatida xizmat qilishini qayd etdi va qilingan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

“O‘tgan qisqa davr mobaynida O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha boshqa joyda uchramaydigan tajriba hamda unikal tizim joriy qilindi. Avvalo, hukumat a’zolari tarkibida muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi.

Global barqaror rivojlanish maqsad va vazifalari hamda ularning indikatorlari milliy xususiyatlarimizga moslashtirilib, 16 ta maqsad, 125 ta vazifa va 206 ta indikator qabul qilindi.

Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifasi – milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul vazirlik hamda idoralarning samarali ishlarini tashkil etish, maqsadlarga erishishda idoralararo uyg‘unlikni ta’minlash etib belgilandi. O‘z barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishda nafaqat parlament va hukumat, balki fuqarolik jamiyati institutlari bilan ham hamkorlik asosiy yondashuvlardan biri etib belgilandi”, – dedi Norboyeva.