Venesuela rahbari Nikolas Maduro Gayananing neftga boy Essekibo hududini anneksiya qilish bo‘yicha oltita farmonni imzoladi. Qabul qilingan qarorlar qatorida Venesuelaning yangi xaritasini ratifikatsiya qilish va mamlakatning 24-shtati deb e’lon qilingan hamda Gayana-Essekvibo nomini olgan mintaqaning yagona rahbarini tayinlash ham bor, deb yozadi Venesuelaning Ultimas Noticias gazetasi 8 dekabr, juma kuni.
Boshqa farmonlarda Essekibo mudofaasi bo‘yicha Milliy komissiya, Gayana-Essekviba integratsiyalashgan mudofaa zonasi va PDVSA - PDVSA Esequibo davlat neft-gaz kompaniyasi, Gayananing Venesuela korporatsiyasi CVG - CVG Esequibo bo‘linmalarini tuzish ko‘zda tutilgan.
Anneksiya qilish to‘g‘risidagi qaror Venesueladagi referendum natijalariga ko‘ra qabul qilingan — rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning 95 foizdan ortig‘i Essekiboning anneksiya qilinishini qo‘llab-quvvatlagan. Shu bilan birga, saylov bo‘yicha ekspertlar va ommaviy axborot vositalari referendumda saylovchilarning kam ishtirok etgani va natijalar soxtalashtirilganini taxmin qilmoqda. Referendum yakuniy natijalari Venesuela Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilinmadi.
Gayana hukumati Essekibodan voz kechish niyatida emas
Maduro venesuelaliklarni anneksiyani tanqid qilganlarni «har bir ko‘chada» qoralashga chaqirdi. «Xiyonatlar yetarli, beshinchi kolonna yetarli», dedi u.
Avvalroq Gayana prezidenti Irfaan Ali uning hukumati allaqachon ittifoqchilar va mintaqaviy sheriklarga harbiy yordam so‘rab murojaat qilganini aytgan edi. «Agar Venesuela shu qadar o‘ylamasdan harakat qilishda davom etsa, mintaqa javob berishga majbur bo‘ladi. Biz shunday qilyapmiz. Biz mintaqaviy javob tayyorlayapmiz», deb tushuntirdi Ali.
Na Venesuela, na Gayana Essekibo aholisining fikrini so‘ramadi - mintaqada 125 mingga yaqin odam yashaydi. Mintaqaning anneksiya qilinishi Buyuk Britaniya, Millatlar hamdo‘stligi, Karib dengizi hamjamiyati va Amerika davlatlari tashkiloti tomonidan qoralandi hamda Janubiy Amerika umumiy bozori (MeRKOSUR) ham javob tayyorlamoqda. AQSh Gayanani qo‘llab-quvvatladi. Braziliya vaziyatdan xavotir bildirib, Janubiy Amerikada urush bo‘lishini istamasligini aytdi va muzokaralarda vositachilik qilishga tayyorligini ta’kidladi. Rossiya Maduroning Moskvaga tashrifi 2023 yil oxirigacha amalga oshirilishini e’lon qildi.
Essekiboga egalik bilan bog‘liq bahs















