O‘zbekiston | 12:36 / 11.12.2023
10674
5 daqiqa o‘qiladi

“Hududgazta’minot”: Tabiiy gaz to‘liq hajmda yetkazilmoqda, yetishmovchilik yo‘q

Hozirgi vaqtda tabiiy gaz iste’molchilariga “zangori yoqilg‘i” to‘liq hajmda yetkazib berilyapti, yetishmovchiliklar kuzatilmayapti, deb bayonot berdi “Hududgazta’minot”. Kompaniya tabiiy gazdan faqat birlamchi zaruriyatlar uchun foydalanishni, uydan chiqib ketayotganda isitish jihozlarini o‘chirishni so‘radi.

Foto: Kun.uz

“Hududgazta’minot” AJ havo harorati pasaygan ayni kunlarda tizimdagi holat va avariyalar haqida rasmiy ma’lumot berdi.

“Havo haroratining keskin pasayishi munosabati bilan butun mamlakat bo‘yicha tabiiy va suyultirilgan gaz iste’molining ortishi kuzatilmoqda. Iste’molchilar o‘rtasida yoqilg‘ini teng taqsimlash maqsadida “Hududgazta’minot” AJ mutaxassislari 24 soatlik rejimda ish olib borishmoqda va yuzaga kelgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etishmoqda.

Hozirgi vaqtda tabiiy gaz iste’molchilariga “zangori yoqilg‘i” to‘liq hajmda yetkazib berilyapti, yetishmovchiliklar kuzatilmayapti. Olis hududlarga suyultirilgan gaz to‘liq hajmda va mahalliy hokimiyat tomonidan tasdiqlangan grafik asosida yetkazilmoqda. Hududlarda avariya holatlari kuzatilganda, mutaxassislar joyiga yuborilmoqda va ular muammolarni bartaraf etishmoqda”, – deyiladi kompaniya bayonotida.

Qayd etilishicha, 9 dekabr kuni gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan aholi va ulgurji iste’molchilarga 105 million kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan. Suyultirilgan gaz iste’molchilariga esa 2 224 tonna yoqilg‘i yetkazilgan.

“Muammolar kuzatilgan joylarda gaz ta’minotini yaxshilash borasida soha mutaxassislari tomonidan katta ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy ko‘chasidagi avariya holati bartaraf etildi, ayni vaqtda unga qo‘shni bo‘lgan V.Vohidova va Tafakkur ko‘chalaridagi gaz quvurlarida yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etilmoqda. 7 dekabr kuni suv ta’minoti tizimi xodimlari avariya holatini bartaraf etish jarayonida traktor orqali gaz quvurlariga shikast yetkazgan. Natijada gaz quvurlariga suv yig‘ilgan va uchta ko‘chada gaz bosimi pasayishi kuzatilgan. Ayni vaqtda “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali xodimlari tomonidan ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Toshkent viloyati Piskent tumani “Oqtepa” MFYdagi gaz quvurlarida avariya holati kuzatilgan. Yuk avtomobili o‘rta bosimli gaz quvuriga shikast yetkazgan, natijada 70 ta xonadon vaqtincha gaz ta’minotidan uzilgan. “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali mutaxassislari avariya oqibatlarini bartaraf etishdi.

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi “Bo‘ston” va “Uzumzor” MFYlaridan o‘tuvchi o‘rta bosimli gaz quvurida ta’mirlash-tiklash ishlari olib borildi. “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti filiali mutaxassislari to‘rt soat ichida muammoni bartaraf etishdi va iste’molchilar uchun gaz ta’minotini qayta tiklashdi.

Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida ham avariya holati bartaraf etildi. “Tezguzar”, “Boboxaydar”, “Pashmon”, “Mirzoqul”, “Zarchabek”, “Kalmakon”, “Shodlik”, “Savrak”, “Bobur” va “Xo‘ja Orif” MFYlarini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi yer osti gaz quvurida gaz sizib chiqishi holati aniqlandi. “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali mutaxassislari nosozlikni bartaraf etishdi. Gaz ta’minoti qayta tiklandi.

Shunga o‘xshash holat Buxoro viloyatining Jondor tumanida ham sodir bo‘ldi. “Puloti” MFYdan o‘tuvchi o‘rta bosimli gaz quvuriga traktor tomonidan shikast yetkazilgani natijasida 350 ta iste’molchi vaqtincha gaz ta’minotidan uzilib qolgan. Ayni vaqtda avariya holatini bartaraf etish jarayonlari yakunlangan”, – deya ma’lum qildi “Hududgazta’minot”.

Gaz ta’minoti korxonasi fuqarolarga murojaat qilib, alohida mahalla va xonadonlarda gaz yetishmovchiligining oldini olish uchun, gaz jihozlaridan faqat birlamchi zaruriyatlar uchun foydalanishni, uydan chiqib ketayotganda imkon qadar isitish jihozlarini o‘chirishni so‘radi.

Shuningdek, bayonotda tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berish uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirish zarurligi ham eslatib o‘tilgan. To‘lovlarni tuman gaz ta’minoti bo‘limlari va bank filiallarida, shuningdek, barcha to‘lov tizimlarining mobil ilovalari orqali 24/7 rejimida amalga oshirish mumkin.

“Hududgazta’minot” AJ tizimi mutaxassislari barcha takliflar, shikoyatlar va murojaatlarni 1104 telefon raqami orqali, gaz sizib chiqishi holatlari, favqulodda vaziyatlarni va boshqa texnik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha arizalarni 104 raqami orqali qabul qiladi, deyiladi kompaniya rasmiy xabarida.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta barcha hududlarda avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarining ish vaqti sutkasiga 9 soatgacha cheklangan edi.

Mavzuga oid