Noturar joy obektlarining kadastr pasportini shakllantirish va ularga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda muammolar yuzaga kelmoqda. Bu onlayn bazaning ishlamayotgani bilan bog‘liq.

Ko‘chmas mulk sohasida ishlovchi bir biridan mustaqil bir nechta manbaning tasdiqlashicha, baza 7 dekabr kunidan buyon ishlamayapti. Uning faoliyatini tiklash borasidagi urinishlar esa samarasiz bo‘lmoqda.

Kun.uz aniqlashicha, notariuslar 7 dekabrdan 11 dekabr kuni soat 11:00 gacha kadastrning ko‘chmas mulkka taqiq qo‘yish va yechish servisi, shuningdek, ko‘chmas mulk bilan notarial harakatlarni rasmiylashtirish, ma’lumotnomani olish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish elektron xizmati ishlamasligi bo‘yicha ogohlantirilgan.

Biroq 14 dekabrga kelib ham ushbu tizim faoliyati hamon tiklanmagan.

Kun.uz suhbatlashgan notariusning ta’kidlashicha, nosozlik eski sistemadan yangi sistemaga o‘tish bilan bog‘liq. Avvaliga turar joylar bazasi o‘zgargan va ushbu jarayonda baza 3 kun ishlamagan. Hozirda noturar obektlar bo‘yicha baza o‘zgartirilyapti. Ammo uning faoliyatidagi uzilish avvaldan aytilgan 3 kundan oshib ketgan.

Kadastr agentligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ne’matjon Otamurodov Kun.uz’ning bu boradagi so‘rovini javobsiz qoldirdi.