O‘zbekiston | 17:21 / 14.12.2023
4997
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqarish hajmi oshirildi

Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli Buxoro va Farg‘ona NQIZlarida o‘rtacha kunlik yonilg‘i ishlab chiqarish miqdori 700 tonnaga ko‘paytirildi.

Foto: Buxoro NQIZ

Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarining avtobenzin ishlab chiqarish quvvatlari 3,3 ming tonnadan 4 ming tonnaga oshirildi, deb xabar qildi «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati.

Shuningdek, Rossiyadan import asosida «SDK Group And» korxonasi tomonidan olib kelinayotgan AI-92 K5 rusumidagi avtobenzin hajmi ham oshirilgan.

«O‘tgan 2022-2023 yilgi anomal sovuq davridagi talablardan kelib chiqib, Farg‘ona vodiysidagi AYoQShlarga yetkazib beriladigan kunlik avtobenzin hajmi 400 tonnadan o‘rtacha 800 tonnaga oshirildi. Buning uchun talab etiladigan 7,8 ming tonna avtobenzin zaxirasi Farg‘ona vodiysi uchun safarbar etildi. Yuqoridagilardan tashqari, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan avtobenzinning asosiy qismi Farg‘ona vodiysi iste’molchilariga yetkazib berilishi ta’minlanmoqda. Joriy oyning 13 sanasida «O‘zbekneftgaz» jamiyati tomonidan Farg‘ona vodiysidagi AYoQShlarga jami 929 tonna jumladan, Andijon viloyatiga 503 tonna, Namangan viloyatiga 202 tonna va Farg‘ona viloyatiga 224 tonna avtobenzin yetkazib berildi», deyiladi kompaniya xabarida.

Avvalroq, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi 11 dekabrdan boshlab AI-80 va AI-92 benzinlarining umumiy ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga – kuniga 1000 tonnagacha oshirishi xabar qilingandi.

Mavzuga oid