Kiyevda Ukraina Xavfsizlik xizmati («SBU») Mudofaa vazirligining asosiy bo‘limlaridan biri boshlig‘ini qo‘lga oldi, u artilleriya snaryadlarini sotib olish uchun mo‘ljallangan 1,5 milliard grivnani (taxminan 36,2 million yevro) talon-toroj qilishga uringanlikda gumonlanmoqda. Bu haqda 22 dekabr, juma kuni «SBU» Telegram-kanalida xabar berildi. 

Xabarda ta’kidlanishicha, «SBU» operatsiyasi Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov ko‘magida amalga oshirilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ismi oshkor etilmagan gumonlanuvchi 2022 yil dekabr oyida maxsus eksport qiluvchi kompaniya bilan artilleriya snaryadlarining ulgurji partiyasini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Keyinchalik, ushbu shartnoma bo‘yicha, 1,5 milliard grivnadan ko‘proq mablag‘ «asossiz ravishda» xorijiy hisobraqamiga o‘tkazildi. Mazkur holat yuzasidan Ukraina Jinoyat kodeksining 114-1-moddasi 2-qismi (Ukraina Qurolli kuchlari va boshqa harbiy tuzilmalarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Agar aybdor deb topilsa, gumonlanuvchi 15 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi. 

Keyinroq Ukraina Mudofaa vazirligi matbuot va axborot bo‘limi boshlig‘i Illarion Pavlyuk telemarafonda idora korrupsion sxema natijasida o‘q-dorilar ishlab chiqaruvchi korxonaga o‘tkazilgan mablag‘larni qaytarish ustida ish olib borayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu shartnoma bo‘yicha to‘lov amalga oshirilgan, ammo mahsulot yetkazib berilmagan».

Ukrainadagi korrupsiya bilan bog‘liq muammolar

Avgust oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urush davridagi korrupsiyani vatanga xiyonatga tenglashtiruvchi qonun loyihasini tayyorlash niyatida ekanini aytgan edi. Ukraina Jinoyat kodeksida davlatga xiyonat qilish uchun 15 yilgacha jazo nazarda tutilgan. Yevropa Ittifoqi Kiyev tizimli korrupsiyaga qarshi choralarni kuchaytirishini ta’kidlamoqda.

May oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi (KKMB) va Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura (KIP) xodimlari Ukraina Oliy sudi sobiq rahbari Vsevolod Knyazevni noqonuniy foyda olgani gumoni bo‘yicha ushlagandi.

Avvalroq, yanvar oyida KKMB va KIP xodimlari Ukraina jamiyatlar, hududlar va infratuzilmani rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Vasiliy Lozinskiyni go‘yoki 400 ming dollar olayotgan vaqtida ushlagan edi. Lozinskiy oshirilgan narxlarda asbob-uskunalarni sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzishga ko‘maklashib, noqonuniy ravishda daromad olganlikda gumon qilinmoqda.