“Maxinatsiya”ning boshlanishi
Yangi Zelandiya nashrlaridan biri, Stuff’ning yozishicha, Angren shahrida yashovchi 7 nafar o‘zbek uy-joylarni ichki ta’mirlash ishlari (molyarka) xizmatini ko‘rsatuvchi “Zero Max Line” kompaniyasi boshlig‘i Sherzod Nosirov tomonidan ishga taklif qilingan.

Ular orasida bo‘lgan Hamidullo Esanaliyev keyinchalik Angrenga qaytib ketgan, shu sababli suratda yo‘q / Foto: Stuff
Bu erkaklar bir hududda yashashsa ham, bir-biri bilan tanish bo‘lmagan, ammo ularning hammasi Sherzod Nosirovni bilgan. Chunki Nosirovning o‘zi ham asli angrenlik ekani aytilmoqda.
Qayd etilishicha, kompaniya rahbari ish topib berishni, soatiga 28 dollar to‘lashni va’da qilib, yigitlardan Yangi Zelandiyaga kelishlarini so‘ragan. O‘zbekistonda soatiga o‘rtacha 2 dollar atrofida pul topilishini hisobga olsak, hamyurtlarimiz uchun yuqoridagi taklif juda jozibador bo‘lib ko‘ringani va unga rozi bo‘lishgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Nosirov hatto yigitlardan birini uyi va boshqa mol-mulkini sotishga, Zelandiyaga kelishga ko‘ndira olgan.
Keyinroq 7 kishidan Nosirov 10 ming AQSh dollari miqdorida “obligatsiya” hamda viza to‘lovlari uchun 2 500 dan 3 500 gacha AQSh dollarida badal talab qilgan. Vaholanki, ish bilan ta’minlash uchun fuqarolardan tovon undirish O‘zbekistonda ham, Yangi Zelandiyada ham taqiqlagan.
Erkaklarning hech biri ingliz tilini bilmagan, biri ichki ishlar xodimi bo‘lgani, yana boshqasi esa talaba ekani ham aytiladi. Ularning barchasiga akkreditatsiyalangan ish beruvchi (“Zero Max Line”)ning ishchi vizasi sxemasi doirasida viza berilgan.
Zelandiyaga ketib boshlangan stress
Yigitlar bir amallab pul topib, Yangi Zelandiyaga kelib olishgach ham ularda ba’zi narsalar uchun pul so‘rash holatlari uchragan. Oradan ko‘p o‘tmay, ularga haftasiga atigi 20 soat ishlash kafolatlangani haqidagi xatlar berilib, unga imzo chekishlari so‘ralgan (vizalarda esa ularga 40 soatlik ish berilishi kerakligi aniq ko‘rsatilgan). Ishchilar ingliz tilini bilmagani uchun shu hujjatga imzo chekkanini ta’kidlagan.




















