Angliya: «Liverpul» 100 foizlik imkoniyatdan foydalana olmadi, «MYu»ning qora kunlari davom etmoqda

«Liverpul» — «Arsenal» 1:1
Gollar: Saloh (29) — Gabriel (4).
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Konate, Tsimikas (Gomes, 35), Endo, Soboslai, Jons (Gravenberh, 68), Saloh, Dias (Elliott, 68), Gakpo (Nunes, 68).
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko, Edegor, Rays, Haverts, Martinelli (Trossard, 68), Saka, Jyezus (Nketia, 78).
Ogohlantirishlar: Saka (38), Endo (45), Haverts (45), Rays (49), Saloh (84), Nketia (86), Uayt (90).

APLning o‘tgan turida «Arsenal» grand jamoalarga muammo tug‘diruvchi «Brayton»ni tom ma’noda yakson etgandi. «Chaykalar»ning pressingi va hujumkor kombinatsiyalari ish bermagan, londonliklar esa deyarli har daqiqada yashin tezligida qarshi hujumlar uyushtirayozgandi. «Liverpul» esa katta ustunlikka erishganiga qaramay «Manchester Yunayted»ni mag‘lub etolmagandi: mersisaydliklar xG bo‘yicha kamida ikki golga haqli o‘yin ko‘rsatgandi, ammo Klopp jamoasida baribir pozitsion hujumlarda muammo kuzatilgandi — zarbalarning aksar qismi jarima maydoni tashqarisidan yo‘llangandi. Onana bunday zarbalarni qaytargan va «Enfild»dan ochko olib qaytishga yordam bergandi.

O‘yin arafasida Arteta o‘z ambitsiyalarini ko‘rsatdi: «Biz «Old Trafford»da, «Stemford Brij»da va avvalgi yillarda o‘yinimiz o‘xshamagan boshqa ko‘p joylarda g‘alaba qozonishni uddaladik. «Liverpul» — keyingi chaqiruv. U yerga borish va g‘alaba qozonish kerak. Agar yuqorida bo‘lishni istasangiz, «Enfild»da dominantlik qilishingiz kerak. Biz aynan shunga harakat qilamiz».

«Arsenal» mega-aktivlik bilan boshladi: avvaliga Saka Alisson jarima maydoni hududiga xavfli uzatma berdi, keyin Raysning hujumning ikkinchi tempida yo‘llagan zarbasi xavfli chiqdi. Ikki daqiqa o‘tib Gabriel Edegorning jarima nuqtasidan uzatmasini golga aylantirdi. Braziliyalik himoyachi Maykl Jordan uslubida barcha raqiblardan baland sakradi va to‘pni bosh bilan darvoza to‘riga joyladi. Arbitrlar avvaliga himoyachi to‘g‘ri holatda bo‘lganiga shubha bildirishdi, ammo videotakrordan keyin gol inobatga olindi.

Ammo tezkor gol hali hech narsani anglatmasdi: «Liverpul» birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborgan o‘yinlarida yetti marta javob qaytargan — to‘rttasida g‘alaba va uchtasida durangga erishilgan. 9-daqiqada Havers mehmonlarning ustunligini oshirishi ham mumkin edi: u himoyachilarning uzatmasini oldindan o‘qidi va oyog‘i bilan pasni to‘sdi. Agar to‘p kerakli darajada sapchiganida bu golli vaziyatga aylanishi ham mumkin edi.