South China morning post nashri yozishicha, Pokistonning Panjob viloyati bosh vaziri viloyat poytaxti, dunyoning havosi eng ifloslangan shahri hisoblanuvchi Lohur shahrining 10 ta tumanida BAA yordamida bulutlarni to‘yintirish usuli orqali sun’iy yomg‘ir yog‘dirilgan.

Pokiston tarixida ilk bor o‘tkazilgan tajriba shahar havosi ifloslanishining xavfli darajasiga qarshi kurashishga qaratilgan novatorlik qadami bo‘ldi.

«Lohurning kamida 10 ta tumanida yomg‘ir tomchilab turdi», — degan Panjob bosh vaziri Muhsin Naqviy mamlakatdagi birinchi sinov tajribasidan so‘ng jurnalistlarga.

Lohur shahri manzarasi. Foto: AFP

Naqviyning ta’kidlashicha, Lohur dunyodagi havosi eng ifloslangan shahar hisoblanadi, jumladan tajriba o‘tkazilgan kunda ham shunday bo‘lgan. Vazirning aytishicha, hokimiyatdagilar 15 km radiusda sun’iy yomg‘ir ta’sirini kuzatib turishgan. Shuningdek, tajriba Birlashgan Arab Amirliklari yordamida o‘tkazilganini ham ta’kidlagan.

Lohur shahri «dunyodagi havosi eng iflos shahar» bo‘lib, undagi odamlar tutundan nafas olishga qiynalishadi. Foto: AFP

BAAdan kelgan maxsus jamoa sun’iy yomg‘ir yog‘dirishni ikki hafta kutishiga to‘g‘ri kelgan. O‘tgan shanbada bulutlarni to‘yintirish uchun 48 ta raketa uchirilgan.

Bulutlarni yomg‘irga to‘yintirish uchun kumush yodid, sariq tuz bulut ichida atseton bilan birikib, yomg‘ir tomchilarini hosil qiladi.

Naqviy jamoatchilikni sun’iy yomg‘ir mutlaqo zararsiz ekaniga ishontirgan va BAAda yiliga 1000 marta shunday jarayon o‘tkazilishi, xuddi shunday texnologiyalardan AQSh va boshqa davlatlarda ham foydalanilishini misol keltirgan.

Lohur shahrida havo sifati ifloslanishi so‘nggi bir necha haftadan buyon kuzatilmoqda. Mahalliy rasmiylar korxonalarni ertaroq yopish, maktablarga haftada qo‘shimcha ikki kun ta’til berish kabi taktikalardan foydalanib ko‘rdi, biroq bu usullarning nafi tegmagan.