Dala istehkomlari — okoplar, bunkerlar, dotalar — mudofaa asoslari, ammo undagi asosiysi — qo‘shinning o‘zidir
Foto: AFP

Strategik mudofaaga o‘tish zarurati haqida BBC uchun intervyusida Ukraina qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Viktor Mujyenko ham aytib o‘tgan, shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, agar bunday strategiyani oqilona ishlab chiqsa va amalga oshirsa, Kiyev «Ukraina hududidagi bosqinchi qo‘shinlarni tor-mor etish imkoniyatiga ham ega bo‘lishi»ni ta’kidlagandi.

Estoniya mudofaa vazirligi tomonidan tayyorlangan katta hisobotda ham «Strategik mudofaaga o‘tish yili» haqida gap boradi.

Pozitsion urush deb janglar qanchalik shiddatli bo‘lmasin, front chizig‘ida deyarli o‘zgarishlar bo‘lmaydigan majburiy holatga aytiladi.

To‘g‘ri, bundan hechdan ko‘ra kech qabilida foyda chiqarib olish ham mumkin. Lekin barcha zamonaviy qurollarga ega bo‘lgan har qanday armiya qo‘mondonligi odatda manyovrli urush olib borishni afzal ko‘radi.

Maqsadlaridan kelib chiqqan holda pozitsion urushni holdan toydirish urushi deb ham atash mumkin. Manyovrli yoki «yashin tezligidagi» urushlardan farqli o‘laroq, bunday urushning maqsadi raqib armiyasini tor-mor etish, shahar yoki hududlarni egallash, qandaydir strategik muhim pozitsiyalarga chiqish emas, balki dushman armiyasining jangovar samaradorligi va umuman ikkinchi davlatning mudofaa layoqati, uning xalqi va armiyasining qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini susaytirishdir.

Shu bilan birga, pozitsion mojaro o‘z-o‘zicha g‘alaba bilan tugamaydi — u yoki holdan toygan davlat yon berishga rozi bo‘ladigan vaziyatga olib keladi yoki nisbatan faol, manyovrli urushga o‘tishga sharoit hozirlaydi.

2022 yil kuzidan 2023 yil yozi oxiriga qadar Ukrainada va G‘arbda ko‘pchilik siyosatchilar hamda harbiylar yozgi qarshi hujumning zarurati va ahamiyati haqida gapirishdi va ular frontda aynan hal qiluvchi zarba bilan g‘alaba qozonishni ko‘zlagandi.

Ammo bu qarshi hujum oldinga ko‘zlangan maqsadlariga erisha olmasdan nihoyasiga yetgach, bunday strategiya ish bermasligi va Kiyev Moskva bilan uzoq cho‘ziluvchi va holdan toydiruvchi mojaroga kirishishi ayon bo‘ldi.