Jahon | 10:43 / 28.12.2023
4355
2 daqiqa o‘qiladi

Moldovaning YeIga qo‘shilishi bo‘yicha referendum Tiraspolsiz o‘tadi

Avvalroq Moldova prezidenti Mayya Sandu o‘z mamlakati tan olinmagan Dnestrbo‘yi bilan birga 2030 yilgacha Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi mumkinligini tan olgan edi.

Foto: newsmaker.md

Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha referendumni Dnestrbo‘yi hududida tashkil qilish mumkin emas, chunki bu mintaqa Moldova hukumati tomonidan nazorat qilinmaydi. Bu haqda Moldova prezidenti Mayya Sandu 27 dekabr, chorshanba kuni Ruminiyaning Veridica nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Dnestrbo‘yi mintaqasi hududida saylov uchastkalarini ochib bo‘lmaydi, chunki u konstitutsiyaviy organlar tomonidan nazorat qilinmaydi», - dedi Sandu. Uning ta’kidlashicha, Dnestrning chap qirg‘og‘i aholisi o‘ng qirg‘oqdagi saylov uchastkalariga kelishi mumkin. 

Sandu 2022 yil mart oyida Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi haqidagi arizani imzoladi. Bir necha oy o‘tgach, Kishinyov Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod maqomini oldi. 2023 yil 14 dekabrda ikki kunlik sammit yakunlari bo‘yicha Yevropa kengashi Moldova bilan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qildi. 

24 dekabr kuni Mayya Sandu parlamentdan 2024 yil kuzida Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo‘yicha milliy referendum o‘tkazishni so‘radi. Prezident Moldova 2030 yilgacha tan olinmagan Dnestrbo‘yi bilan birga Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi mumkinligini tan oldi, ammo bu mintaqa hozirda Kishinyov tomonidan nazorat qilinmaydi. Shu bilan birga, YeI a’zolik Dnestrbo‘yisiz amalga oshishi mumkinligini istisno qilmadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid